Bir oy ichida qancha fuqarolarimiz xorijdan olib kelindi?

Jamiyat

image

Pandemiya sharoitida so‘nggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari olib kelingan. Ularning barchasi 160  ta manzilga joylashtirilib, karantinga olingan. 

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Ma’lumki, davlat rahbari tomonidan koronavirus tarqalishini cheklash, uning aholi hayoti va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Maxsus respublika komissiyasi tuzilib, epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholi sog‘lig‘ini himoya qilish, karantin rejimini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Tibbiyot muassasalarini shay holga keltirish va qo‘shimcha quvvatlarni barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Zangiota tumanida 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan maxsus shifoxona jadal sur’atlarda qurilyapti. Yuqorichirchiq tumanida esa 10 ming kishilik maxsus karantin zonasi qurilib, o‘z ishini boshladi. Bu yerda yana qo‘shimcha 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin qurilishi boshlanib, 15 maygacha topshiriladi.

“Eng muhimi – xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘quvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashg‘ulotlar orqali ta’lim olishda davom etmoqda”, – deydi davlat rahbari.

Tajribali shifokor professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

181

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing