“Bir kalla qand, 3 so‘m pul”. O‘zbekistondagi eng arzon shahar qaysi?
Bu qiziq
−
15 yanvar
11624“Ro‘zg‘or – g‘or” degan gap bor xalqimizda. Dunyoning qaysi burchagida bo‘lmang, qancha pul topmang, baribir nimagadir mablag‘ yetmay qoladi. O‘zbekistonda esa narx-navoning kundan kunga oshib borayotganini, ish haqining esa nisbatan kamligini hisobga olsak, yashash uchun arzon va qulay manzil topish masalasi ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy.
Xo‘sh, o‘zi O‘zbekistonda yashash uchun eng qulay va "kamxarj" shahar qaysi? Rossiyaning turistik va ish vizalarini olishga yordam beruvchi migratsiya markazi O‘zbekistonda faoliyat yuritish, maosh va yashash narxlari haqidagi ma’lumotlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, agar siz Andijonda qo‘nim topsangiz, oyiga o‘rta hisobda 2 million 730 ming so‘m pul topishingiz mumkin. Biroq u yerdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxini ham arzon, deb bo‘lmaydi.
Misol uchun, 1,5 litr hajmdagi bir shisha ichimlik suvi uchun siz 3 ming 400 so‘m to‘lashingiz kerak. 1 kg tovuq filesi o‘rtacha 29 ming turadi. “Bulka non”ni taxminan 1 ming 600 so‘mga sotib olasiz.
Chekuvchilar bir quti sigaretga o‘rtacha 8 ming 400 so‘m sarflashiga to‘g‘ri keladi. Arzon kafeda ovqatlanish uchun esa hamyoningizdan taxminan 31 ming so‘m chiqishi shart. Qisqa qilib aytganda, aksar mahalliy aholining oyiga faqat bir marta oilasi bilan sayrga chiqish va kafega borish imkoni bor.
Endi esa Buxorodagi narx-navoni ko‘rib chiqamiz. Shaharda oziq-ovqat, transport va uy-joy to‘lovlarining narxi nisbatan yuqori. Odamlar o‘rtacha 2 million 483 ming so‘m pul topadi. Kafedagi oddiy tushlik ham sizga 45 mingga tushadi. Non uchun 2 ming 730 so‘m to‘lashingiz kerak. Hamma ham u yerdan kvartira sotib olishga qodir emas. 1 m² turarjoyning narxi qariyb 680 dollar ya’ni 8 million 440 so‘mni tashkil qiladi.
Navbatdagi manzil Samarqand: sayyohlik markazlaridan biri bo‘lgan bu shaharda o‘rtacha ish haqi 2 million 855 ming so‘m. Sarf-xarajatlarga keladigan bo‘lsak, oziq-ovqat bir muncha qimmat. Masalan, 1 kg tovuq filesi 30 ming so‘mdan qimmatroq.
Biroq, shaharda 1 m² yashash maydonining narxi 550 dollar, hozirgi kursga hisoblaganda 6 million 827 ming so‘mni tashkil etadi. Buni nisbatan past narx, deyish mumkin.
Rivojlanganligi va boshqa viloyatlarga qaraganda ko‘proq imkoniyatlarni taqdim etishiga qaramay, Toshkent shahrini hayot kechirish uchun eng qulay shahar deya olmaymiz. Bu zamonaviy hayot tarzi bilan bir vaqtda ushbu imkoniyatlarga mos baland narx-navo bilan ham bog‘liq. Bundan tashqari, so‘nggi oylarda poytaxt dunyoning eng havosi "nosog‘lom" shaharlari ro‘yxatida yetakchi o‘rinlarni band qilib kelmoqda. Havoning ifloslik darajasini hatto ko‘z bilan ham ilg‘ash mumkin.
Xullas, Toshkentda o‘rtacha ish haqi 4 million 655 ming so‘mni tashkil qiladi. Oziq-ovqat, xizmatlar va uy-joy narxlari boshqa shaharlarga qaraganda topayotgan daromadingizga mos keladi. Biroq urbanizatsiya sababli tig‘iz kun tartibi va arzon kvartira topish muammosiga tayyor turishingiz kerak. Sababi Toshkent dunyoning eng qimmat shaharlari reytingida 69-o‘rinda turadi.
Narx-navoga keladigan bo‘lsak, asosiy iste’mol mahsulotlaridan kartoshka o‘rtacha 3 ming so‘m, piyoz 1 ming 700 so‘m, guruch 22 ming so‘m, kungaboqar yog‘i 20 ming so‘m va mol go‘shti 65 ming so‘m.
Urganch shahrida esa o‘rtacha daromad yuqorida to‘xtalib o‘tilgan boshqa shaharlardan sezilarli darajada kam. 1 million 862 ming. Shunga qaramay, oziq-ovqat uchun ko‘p pul sarflashingiz aniq. Uy-joy narxi ham ancha qimmat.
(Shunday statistikalardan so‘ng, odamlar yashash uchun qolgan pulni qayerdan olyapti, degan savol tug‘iladi.)
O‘zbekistonning boshqa viloyatlari, xususan, Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.
Endi qulaylik masalasiga to‘xtalsak. O‘zbekistondagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan mamlakatdagi yashash uchun eng qulay shaharlar ro‘yxati tuzildi.
Bunda hududdagi ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, barqarorlik, madaniyat va atrof-muhit yo‘nalishlarida 27 ta sifat ko‘rsatkichlari hisobga olingan. Ushbu ro‘yxatga aholi soni 40 ming kishidan ortiq bo‘lgan 30 ta shahar kiritilgan. Shaharlarning qulaylik darajasi 100 ballik tizimda baholangan.
Natijalarga ko‘ra, kuchli beshtalikni Toshkent, Urganch, Buxoro, Samarqand, Navoiy shaharlari band qilgan. Ma’lumot uchun, Navoiy shahrida o‘rtacha ish haqi 5 million 700 ming so‘m. Shu sabab narx-navo ham ancha baland. Hatto, Toshkentdan ham.
Ro‘yxatning so‘nggi o‘rinlaridan esa Bekobod, Xonobod, Yangiyer, Ohangaron va Quvasoy shaharlari joy olgan.
Top-10 shaharlarning barchasi viloyat markazlari hisoblanadi. Shuningdek, reytingda ushbu shaharlarga eng yaqin Qo‘qon, Xiva va Chirchiq kabi viloyat markazi bo‘lmagan hududlar ham qo‘shilgan.
Qisqa qilib aytganda, ham arzon ham qulay shaharni topish biroz mushkul ish. Agar siz arzon shaharda yashashni afzal ko‘rsangiz, oddiyroq hayot tarziga ko‘nikishingizga to‘g‘ri keladi. Agar zamonaviy imkoniyatlarga ega hududda yashamoqchi bo‘lsangiz, ko‘proq xarajatlarga ham tayyor turishingiz kerak. Xo‘sh, siz qanday hududda istiqomat qilasiz? Qaysi shaharni ham arzon, ham yashash uchun qulay, deb o‘ylaysiz? Izohlarda yozib qoldiring. QALAMPIR.UZ`ni kuzatib boring!
LiveBarchasi