Bill Geyts Tramp bilan USAID taqdirini muhokama qildi

Olam

image

Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashuv chog‘ida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali xorijiy yordam ajratishni davom ettirishga chaqirdi. Bu haqda NBC telekanali xabar berdi.

“Geyts 5 fevral kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashib, USAID orqali xorijiy yordamni davom ettirish zarurligi haqida gapirdi”, deyiladi telekanal xabarida.

Microsoft asoschisi hozircha AQSH qaysi xorijiy yordam dasturlarini davom ettirishini aniq bilmasligini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, USAID’ga o‘xshash tashkilotni qayta yaratish Qo‘shma Shtatlar uchun juda qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, Microsoft asoschisi Mask bilan, ya’ni agentlikni yopish tashabbuskori bilan uchrashmaganini ma’lum qilgan.

31 yanvar kuni AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) butun dunyo bo‘ylab ayrim istisnolardan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri yollangan barcha xodimlari ma’muriy ta’tilga chiqarilishini e’lon qildi. CBS telekanali manbalariga ko‘ra, barcha USAID xorijdagi vakolatxonalariga yopilish buyurilgan va ularning butun xodimlari 7 fevral kuniga qadar chaqirib olinadi.

Ma’lumot uchun, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) AQSH hukumati tarkibiga kiruvchi mustaqil agentlik bo‘lib, boshqa mamlakatlarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan. U 1961 yilda tashkil topgan va turli agentliklarning funksiyalarini birlashtirgan. Garchi rasmiy jihatdan mustaqil davlat agentligi bo‘lsa-da, USAID AQSH Prezidenti, Davlat kotibi va Milliy xavfsizlik kengashiga bo‘ysunadi. USAID’ning asosiy faoliyati iqtisodiy rivojlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, gumanitar yordam, demokratiyani qo‘llab-quvvatlash va AQSH xalqaro siyosiy maqsadlarini ilgari surishdan iborat.
 
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat boshqaruvi samaradorligi bo‘yicha yangi departamentining (DOGE) rahbari va tadbirkor Ilon Mask joriy yil 2 fevral kuni USAID’ni “jinoyatchi tashkilot” deb atab, uning “o‘lish vaqti kelganini” bildirgan edi. 3 fevral kuni esa Mask Tramp USAID’ni yopishga rozi bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, DOGE rahbari agentlikni yopish jarayoni “allaqachon boshlanganini” ta’kidladi. Tashkilotning o‘zi esa xodimlariga USAID’ning shtab-kvartirasi yopilishi haqida elektron xat yuborgan. Ushbu xatda USAID bosh binosida faoliyat yuritadigan xodimlar masofadan ishlashi, binoning ish faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xodimlarning esa rahbariyat qaroriga ko‘ra ishni davom ettirishi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Bill Geyts USAID

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing