“Bilayn” asoschisi Dmitriy Zimin vafot etdi
Olam
−
23 dekabr 2021
8819Rossiyalik tadbirkor va metsenat, “Bilayn” asoschisi Dmitriy Zimin og‘ir xastalikdan so‘ng kecha, 22 dekabr kuni Shveysariyada vafot etdi. Bu haqda uning o‘g‘li Boris Zimin Facebook’da xabar bergan. Tadbirkor 88 yoshda bo‘lgan.
“Mening otam hayotni juda yaxshi ko‘rardi. Unga hammasi uchun, barcha yaratgan narsasi, bo‘lgani uchun rahmat. Bu bugun Vatanda emas, Shveysariyada sodir bo‘ldi. So‘nggi oylarda u og‘ir kasal edi. Bo‘ldi. Vidolashuv va boshqa tafsilotlar keyinroq”, deb yozgan Boris Zimin.
Ma’lumot o‘rnida, Dmitriy Zimin 1992 yilda o‘z faoliyatini boshlagan “Vimpelkom” (“Bilayn” brendi ostida ishlaydi) uyali aloqa operatori asoschilaridan biri hisoblanadi.
2002 yilda Zimin fundamental fanlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Dinastiya” jamg‘armasiga asos solgan va unga rahbarlik qilgan. 2008 yilda jamg‘arma rus tilidagi eng yaxshi ilmiy-ommabop kitoblar uchun beriladigan “Ma’rifatchi” mukofotini ta’sis etgan. 2015 yilda “Dinastiya” “xorijiy agent” deb e’lon qilinganidan keyin o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
2016 yilda Dmitriy Zimin o‘g‘li Boris bilan birgalikda ilm-fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlovchi Zimin Foundation notijorat tashkilotiga asos solgan.
LiveBarchasi