Berlindan Parijgacha: Yevropa shaharlarida Eron uchun namoyishlar o‘tkazildi

Olam

image

Yevropaning qator shaharlarida Erondagi vaziyat va davom etayotgan urush fonida namoyishlar o‘tkazilgan. Berlin, Stokgolm, Parij va Amsterdamda yig‘ilgan namoyishchilarning bir qismi Islom Respublikasi so‘nggi shohining o‘g‘li — muhojirlikdagi shahzoda Rizo Pahlaviyni qo‘llab-quvvatlagan, boshqalari esa monarxiya davom etishiga qarshi chiqqan. Bu haqda “Euronews” yozdi.

Namoyishlarda 1979 yilgi islom inqilobidan oldingi Eron bayroqlari — sher ramzi tushirilgan bayroqlar ko‘zga tashlangan. Ayrim ishtirokchilar Pahlaviyni mamlakatda siyosiy o‘zgarishlar va saylovlarga olib boruvchi muvaqqat rahbar sifatida ko‘rayotganini aytgan.

Parijda ikki xil pozitsiya namoyon bo‘lgan: bir guruh Pahlaviyni hokimiyatga o‘tish jarayonini boshqarishi mumkin bo‘lgan nomzod sifatida ko‘rayotgan bo‘lsa, ayrimlar “Na shoh, na mulla” degan shiorlar bilan monarxiya ham, diniy hokimiyat ham qabul qilinmasligini bildirgan.

Londondagi namoyishlarda esa urushga qarshi chaqiriqlar yangragan. “Eronga tegmang” shiori ostida o‘tgan yurishda minglab odamlar qatnashib, Tehronga qarshi bombardimonlarni to‘xtatishni talab qilgan. Shu bilan birga, ba’zi ishtirokchilar Eronning oliy rahbariyatini kuchli himoya qilgan.

Shu kunlarda Erondagi hokimiyat masalasi xalqaro siyosiy muhokamalar markazida turibdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Tehronda yangi rahbariyat shakllansa, mamlakat iqtisodiyotini tiklashga yordam berishga tayyorligini iddao qilgan. Tehronning BMTdagi elchisi esa mamlakat rahbariyati faqat konstitutsiyaviy tartib asosida va tashqi aralashuvsiz tanlanishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Eronga qarshi hujumlar yanada kuchaytirilishini ma’lum qilgan. Donald Trampning aytishicha, Tehron taslim bo‘lishdan bosh tortgani ortidan yangi zarbalar rejalashtirilmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Eron Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing