Berlin, Perleberger Str. 62 – O‘zbekistonning bir bo‘lagidan fotoreportaj
Jamiyat
−
08 iyul 2019
6249Havo biroz bulutli. Quloqqa daraxtlar shitir-shitiri, qushlar sayrashi eshitiladi. Siz o‘rmonda yo tabiat qo‘ynida emas, odatiy Berlin ko‘chalarida ekaningizni oxista harakatlanayotgan avtomobillar ovozidan va asosan velosiped qo‘ng‘irog‘idan payqaysiz. Qarshingizda Perleberger Str. 62, muhtasham bino, uni o‘rab turgan tabiat, darvozadagi O‘zbekiston bayrog‘i va gerbi... Bu Germaniyada eng issiq bino. Har holda biz uchun shunday, o‘zbeklar uchun shunaqa. Bu ko‘chada bir necha davlat elchixonalari joylashgan, ammo hech bir binoning qadri O‘zbekiston elchixonasining binosi kabi ulug‘vor va tarixiy emas.
“Balxaus Tiyergarten” – Germaniyaning yodgorliklar muhofazasi birlashmasi himoyasidagi tarixiy bino. U 2001 yilgacha biroz tashlandiq holatda bo‘lgan. O‘sha yili bu bino O‘zbekiston Hukumati tarafidan elchixona binosi sifatida foydalanishga tanlandi va shu yildan boshlab uning tarixi tiklandi, qadri ortdi. Qariyb bir yarim asrlik tarixga ega mazkur bino o‘zining yangi davrdagi qiyofasini ko‘z-ko‘z etishni boshladi.
“Balxaus Tiyergarten” nomi tarixiy manbalarda ilk bor 1964-1965 yillardan uchraydi. Bungacha bino “Tiyergarten xalq uyi” nomi bilan atalgan.
Ushbu tarixiy bino 1879-1880 yillarda birinchi artilleriyachi otliq gvardiya uchun kazarmalar qurish vaqtida, ofitserlarga kazino – oshxona sifatida qurilgan. Bino uchta polk kazarmalaridan iborat katta kompleksning bir qismi bo‘lgan.
Bino dastlab kvadrat shaklda bo‘lgan. 1934 yilda imoratning shimoli-sharqiy qismida bog‘ga qaratilgan oshxonasi bor zal va terassa qurilgan. Ikkinchi jahon urushida talafot ko‘rmagan bino, 1945 yildan keyin Tiyergarten tumani jamoati yig‘iladigan joy vazifasini o‘tagan. 1951 yilda binodan restoran sifatida foydalanilgan. 1952 yilda esa katta zalda orkestr chiqishlari uchun sahna o‘rnatilgan.
So‘nggi 15 yil davomida bino bo‘sh turgan 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarori bilan bino mamlakatning Germaniyadagi elchixonasi sifatida olingan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 8 300 m kvni tashkil etadi. Shundan 2500 m kv da bino joylashgan. Shu alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston elchixonasi Germaniyada joylashgan xorijiy mamlakatlar elchixonalari orasida eng tarixiy bino va yirik maydonga ega elchixona sanaladi.
Bino eshiga oddiy va kichik ko‘rinishi mumkin ammo ichkaridagi foye hayratingizni oshirishi aniq. Sizni pillapoyalar va 4 ta mahobatli ustun qarshilaydi. Polda esa 1870 yilda ishlangan mozaika saqlanib qolgan.
Markaziy eshikdan mehmonlar “Nemis zali” deb ataluvchi tarixiy zalga kirasiz. Uning maydoni 120 m kvni tashkil etadi.
Tadqiqotlar zal devorida 6 qavat bo‘yoq surtilganini ko‘rsatgan. Simmetrik tarzda o‘rnatilgan emandan ishlangan 4 ta eshikning ham ikkitasi saqlanib qolgan. O‘zbek ustalari binoni ta’mirlash vaqtida zal shiftining saqlab qolingan qismidan foydalanib, butun shiftni qayta tiklagan. To‘rt dekorning ikkitasi tarixiy stilda tayyorlangan. Zalning parketdan ishlangan poli ham tiklangan.
Huddi shunday ta’mirlash-tiklash ishlari kichik muzokaralar zali va boshqa xonalarda ham olib borilgan.
Keyinroq qurilgan va tarixiy yodgorlik hisoblanmagan katta zal ham haroba holda bo‘lgan. Shu sababdan u o‘zbek me’morchilik an’analariga mos tarzda ta’mirlangan. Zalning maydoni 300 m kv. O‘zbekona ta’mirlangan zalning gipsdan ishlangan dekorativ naqshi germaniyalik mutaxassislarni ham qiziqtirib qo‘ygan.
Binoning asosiy qavatida elchining kabineti, katta diplomatlarning ish o‘rinlari va vakillik zallari joylashgan. Birinchi qavatda konsullik bo‘limi, iqtisodiy bo‘lim, madaniyat va ta’lim sohasida hamkorlik bo‘limi, buxgalteriya, xo‘jalik xizmatlari joylashgan.
Aytilganlardan tashqari, binoda oshxona va sport mashg‘ulotlari o‘tkazish xonasi, mehmonlar uchun 3 ta xona hamda kutubxona bor.
O‘zbekiston Elchixonasi joylashgan binoning yana bir ustunligi Berlinning Markaziy tumanida joylashganida. Elchixonadan besh daqiqalik yo‘l uzoqligida Germaniya Federal Prezidenti qarorgohi Belvyu saroyi, yangi hukumat majmuasi va Reyxstag joylashgan.
Tumanning ahamiyati eng eng yirik temir yo‘l vokzali “Berlin-Xauptbanxof” qurilishi bilan yanada ortdi. Mazkur vokzal Sharqiy va G‘arbiy Yevropani bog‘laydi. Asosiysi Vokzal O‘zbekiston Elchixonasidan ikki daqiqalik yo‘l uzoqlikda joylashgan.
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshiralayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida o‘zbekistonlik jurnalistlar Berlinda joylashgan O‘zbekiston elchixonasida bo‘ldik. Yog‘och o‘ymakorligi asosida bunyod etilgan milliy ayvon e’tiborimizni tortdi. Ushbu ayvon o‘zbek xalqi an’analari va boy madaniyatini o‘zida aks ettirgan. Bizni o‘zbek milliy taomlari va o‘zbekona lutf bilan qarshi oldilar. O‘zbekiston guruchidan palov deysizmi yo o‘zimizning Chorsu qaymog‘i, o‘zbekistondan kelgan Vatandoshlar uchun muhayyo. Hammasidan ham jonga oro kirgani non bo‘ldi, o‘zimizning non. Berlin, Perleberger Str. 62 – O‘zbekistonning Germaniyadagi bir bo‘lagi o‘laroq xotiraga muhrlandi.
Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilish, sifatli konsullik xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.
LiveBarchasi