Germaniya g‘arbida turarjoy binolariga meteorit quladi
Olam
−
14:43 2951 1 daqiqa
Kecha, 8 mart kuni Germaniyaning g‘arbiy hududida meteorit quladi. Uning parchalari qator turarjoy binolariga zarar yetkazdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, soat 19:00 atrofida Reynland-Pfals yeri, xususan, Koblens shahri hamda Xunsryuk va Ayfel tog‘ massivlarida uylarning tomlari shikastlangan. Gyuls tumanidagi uylardan birining tomiga osmon jismi qulagan.
Shu kuni kechqurun Quyi Saksoniya, Gessen, Saar, Baden-Vyurtemberg va boshqa hududlar aholisi osmonda yorqin nurli ob’ektni ko‘rgan. Fuqarolar buni raketa parvozi deb taxmin qilishgan. Huquq-tartibot idoralari aholi xavfsizligiga hech qanday tahdid bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil yanvar oyida Berlin atrofida diametri qariyb 1 metr bo‘lgan meteorit qulagan. Shuningdek, 2023 yili Shlezvig-Golshteyn yeriga 15 ga yaqin meteorit tushgan bo‘lib, ularning 3,7 kilogrammlik eng yirik parchasi uchun kolleksionerlar 200 ming yevro taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer yuzida topilgan eng katta Mars meteoriti Sotheby’s kimoshdi savdosida 5 million dollardan ko‘proqqa sotilgandi.
Live
Barchasi