Berdimuhamedovning Toshkentga kelishi tasdiqlandi

Olam

image

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 8-9 noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammitida ishtirok etadi. Bu haqda Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida ma’lum qildi, deb yozdi “Neytral Turkmenistan” rasmiy gazetasi. 

Meredov ta’kidlaganidek, Turkmaniston IHTga raislik qiladi. Raislik davrida IHT makonida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, energetika, shuningdek, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tegishli konsepsiya ishlab chiqilgan. Tashkilotning avvalgi sammiti 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan edi. 

Shuningdek, IHT sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Pokiston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar Kakar, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Toshkentga kelishi kutilmoqda.

Ozarbayjon va Turkiya Prezidentlariga rafiqalari – Mehribon Aliyeva va Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qilishi kutilmoqda. 

QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, sammitning barcha tadbirlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Tadbir kun tartibidan savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, transport, logistika, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Ma’lumot uchun, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti – a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilotdir. U 1964 yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan “Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” nomi bilan tuzilgan. 
Keyin 70-yillarda ichki mintaqaviy savdo susayib ketgani uchun o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 1985 yilda “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti” nomi bilan qaytadan o‘z faoliyatini boshladi. 1992 yilning 28 noyabirida Islomobod shahrida a’zo davlatlar Tashki ishlar vazirlari kengashining favqulodda yig‘lishida Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekistan, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlari IHTga a’zo bo‘lgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Serdar Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing