Berdimuhamedov Erdo‘g‘an bilan uchrashdi
Olam
−
01 mart
4573Bugun, 1 mart kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkmaniston Xalq kengashi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, uchrashuvda Turkiya va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy va global muammolar, shuningdek, Isroilning G‘azo sektoridagi tajovuzi muhokama qilingan.
Turkiya rahbari Isroil armiyasining G‘azo sektorida gumanitar yordam olishni kutayotgan tinch aholini o‘qqa tutishi borasida to‘xtalib, qabul qilib bo‘lmas hodisa deb atagan. Shuningdek, Falastin anklaviga yetkaziladigan gumanitar yordam hajmini kengaytirish maqsadida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlariga ishora qilingan.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiya va Turkmaniston o‘rtasidagi turli sohalarda, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga oshirish muhimligini ta’kidlagan.
Uchrashuv davomida bir qator ikki tomonlama shartnomalar, jumladan, tabiiy gaz sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Protokol, neft va tabiiy gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyasi, shuningdek, Turkmaniston aviakompaniyalar va Turk Aviatsiya Uyushmasi Universiteti o‘rtasida o‘zaro kelishuv memorandumi imzolandi, deyiladi xabarda.
Sarvar Xurramov