Berdialiyev: Haligacha aniq manzilli ishlashga kela olmadik
Jamiyat
−
05 dekabr 2019
6579O‘zbekistonda jinoyatchilik, ayniqsa, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik nisbatan kamaydimi? Vaziyat maqtangulik emas. Buni IIV taqdim etayotgan raqamlarda ko‘rish mumkin.
Mamlakatda aholi soniga nisbatan profilaktika inspektorlarining kuchi boshqa vazirliklar bilan hamkorlik qilishda yetarli emas. Bu haqda bugun 5 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV tomonidan o‘tkazilgan “Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlar haqida” mavzusidagi matbuot anjumanida so‘z bordi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikada 5624 nafar xotin-qizlarning ishga joylashishiga ko‘maklashilgan, 4807 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan, 1500 nafari davolashga muhtojligi aniqlanib, tibbiy dispanserlarga yuborilgan, 1688 nafariga shaxsini tasdiqlovchi xujjatni tiklashda amaliy yordam berilgan. Shuningdek, 2944 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashilib, 1106 nafari ta’lim muassasalariga qaytarilgan.
Ushbu vaqt mobaynida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 32,8 foizga – 4861 tadan 3267 taga kamayishiga erishilgan. 25 ming ortiq oilaning notinchligiga barham berilgan, 10 mingdan ortiq yosh oilalar ajrashib ketishi oldini olinganligi haqida aytib o‘tildi.
Ushbu tadbirda voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatchilik sarhisob qilindi.
“Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi 29,9 foizga (672 tadan 471 taga), yoshlar jinoyatchiligi 36,9 foizga (11 123 tadan 7022 taga) kamayishiga erishilgan. Voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar 32,2 foizga (789 nafardan 547 nafarga) kamaygan. Yoshlar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar esa 23,4 foizga (13 423 nafardan 10 383 nafarga) kamayganligi ichki ishlar xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifani to‘la-to‘kis bajarildi, deganini anglatmaydi. Shu sababli maktabdagi davomatdan boshlab kechki payt kafe-barda nazoratsiz yurgan voyaga yetmaganlar bilan ishlashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yib kelmoqda.
Ijtimoiy jihatidan xavfli ahvolda bo‘lgan 7462 nafar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Huquqbuzarlik sodir etishga moyil 4230 voyaga yetmaganlar bilan yakka tartibda ishlangan.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida, yoshlar va xotin-qizlar masalasida ham qilinadigan ishlar ko‘lami katta deb hisoblaymiz. Aholi soniga nisbatan profilaktika inspektorlarining kuchi boshqa vazirliklar bilan hamkorlik qilishda yetarli emas. Haligacha biz xonadonlar bilan aniq manzilli ishlashga kela olmadik”, deya ma’lum qilgan Baxtiyor Berdialiyev.
Tadbirda shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi bilan o‘tkazilgan tadbirlarda darslarga muntazam ravishda qatnashmagan o‘quvchilar soni 3054 nafar, ya’ni barcha voyaga yetmaganlarning 0,3 foizini tashkil etishi ta’kidlandi.
LiveBarchasi