Berbokning Kiyevga safari qanday o‘tdi?

Olam

image

Kecha, 11 sentyabr kuni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Bu Germaniya vazirining so‘nggi bir yarim yil ichida Kiyevga to‘rtinchi safari hisoblanadi. U Polshadan tungi poyezdda Kiyevga yetib kelgan. Vokzalda Germaniya Tashqi ishlar vazirini Kiyevdagi elchi Martin Yeger kutib olgan.

Berbokning Ukrainaga safari Kiyev viloyatidagi energetika infratuzilmasi ob’ektlaridan biriga tashrif bilan boshlagan. Shundan so‘ng, u ukrainalik mavqedoshi Dmitriy Kuleba bilan Germaniyaning uzoq masofali Taurus raketalarini yetkazib berish mavzusini muhokama qilgan.

“Biz Ukrainaga Germaniyaning Taurus uzoq masofali raketalarini yetkazib berish masalasini batafsil muhokama qildik. Bugun biz Germaniya hukumatining yakuniy qarorini qabul qilish jarayonining xususiyatlarini yaxshiroq tushunamiz. O‘z navbatida, Ukraina buni tezlashtirish uchun hamma narsani qilishga tayyor. Muzokaralar natijalariga ko‘ra, shuni aytishim mumkinki, bu raketalarni taqdim etish varianti ochiqligicha qolmoqda va Germaniyada qaror qabul qilish jarayoni oldinga siljiydi”, deydi Kulebaning matbuot xizmati.

Berbok oxirgi 1,5 yil ichida Germaniyadan Ukrainaga ko‘rsatilgan gumanitar, moliyaviy va harbiy yordamning umumiy hajmi qariyb 22 milliard yevroni tashkil etganini eslatgan. Berlin Kiyev hukumatini havo hujumidan mudofaa tizimlari va tanklar bilan ta’minlagan. Endi Ukraina Taurus raketalarini olmoqchi, biroq Germaniya rasmiylari qaror qabul qilishga shoshilmayapti.

Annalena Berbok Kiyevda Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi Taurus qanotli raketalarini yetkazib berishga va’da bera olmasligini aytgan. Biroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Germaniya har qanday holatda ham buni amalga oshirishiga ishonch bildirgan va Berlinni vaqtni behuda sarflagani uchun qoralagan.

Tomonlar bayonotlari Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Kiyevda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida yangragan. Jurnalistlar Berbokdan ukrainalik mavqedoshiga Taurus raketalarini yetkazib berishga va’da bera oladimi, deb so‘rashgan. 

"Biz ma’lum so‘rovlarni bajaramiz, deb va’da berishning o‘zi yetarli emas. Gap barcha masalalar to‘liq va har tomonlama oydinlashtirilganiga ishonch hosil qilish haqida bormoqda", degan Berbok.

Biroq Kuleba Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbaridan so‘ng darhol so‘zga chiqib, Berlin tezroq Kiyevga ushbu raketalarni yetkazib berishi kerakligini aytgan.

"Siz Annalena [Berbok] menga Taurus haqida umid berdimi, deb so‘radingiz. Yo‘q, men Annalena Germaniya hukumatining rasmiy pozitsiyasidan tashqariga chiqdi, deb aytmagan bo‘lardim. Lekin baribir raketalarni yetkazib berasiz va men vaqtni nega behuda o‘tkazayotganimizga tushunmayman”, degan Ukraina Tashqi ishlar vaziri.

Shu bilan birga, Kulebaning ta’kidlashicha, Kiyev raketa ta’minotiga qarshi dalillarni ob’ektiv deb hisoblamaydi. 

"Biz sizning muhokamalaringiz, tartiblaringizni hurmat qilamiz, ammo Taurus haqida bilgan barcha narsamizdan ularning transferiga qarshi bitta bo‘lsa ham ob’ektiv dalil yo‘q. Savollaringiz bor, biz ularga ijobiy javob berishga tayyormiz", deya qo‘shimcha qilgan Kuleba.

Germaniya rasmiylari haligacha Taurus’ni Kiyevga yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q. Germaniya kansleri Olaf Shols bir necha bor qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha barcha qadamlar hamkorlar, jumladan, xorijdagilar bilan kelishilganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Germaniyaning ustuvor vazifasi Ukrainani havo mudofaa tizimlari va artilleriya o‘q-dorilari bilan ta’minlash bo‘lib qolmoqda. Germaniya hukumati Kiyevga raketa yetkazib berishda ikkilanayotganining asosiy sababi Ukraina Qurolli kuchlari ulardan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishda foydalanishi mumkinligidir.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida Annalena Berbok 2024 yilda Berlinda Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiya o‘tkazilishini aytgan. 

"Vayronadan yangi narsa paydo bo‘lishi uchun biz birgalikda qayta qurishni boshlaymiz. Kelgusi yili Berlinda Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiya tashkil qilamiz", deydi Berbok.

Berbok Kiyevga tashrifi davomida Prezident Zelenskiyning qabulida ham bo‘ldi. Zelenskiy u bilan suhbatda Ukraina mudofaa qo‘shinlarining jang maydonidagi dolzarb ehtiyojlariga to‘xtalib o‘tgan. Ukraina havo mudofaasini yanada mustahkamlash, xususan, Ukraina janubini va “don yo‘lagi”ni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Prezident ushbu harbiy kuchlarni jalb etish muhimligini ta’kidlagan. 

Bundan tashqari, Ukrainaning Yevropa integratsiyasi va Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomiga doir Yevropa komissiyasining tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashilgan.

Shuningdek, Zelenskiy 2024 yilning yozida Berlinda bo‘lib o‘tadigan Ukrainani tiklash bo‘yicha navbatdagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rishda Germaniya bilan yaqin hamkorlik qilishini qayd etgan.

Davlat rahbari Berbokning Ukrainaga tashrifini Kiyev viloyatidagi energetika infratuzilmasi ob’ektlaridan biriga tashrif bilan boshlaganini ijobiy baholagan. Shu nuqtai nazardan, energetika sohasi barqarorligini mustahkamlash Ukraina uchun qish mavsumi arafasida ustuvor vazifalardan biri ekanligi aytilgan. Zelenskiy Germaniyaga harbiy va moliyaviy yordami uchun minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaga kelgan, Dmitriy Kuleba bilan uchrashgan va Zelenskiyning qabulida bo‘lgandi. Tashrif davomida Vashington Kiyevga 1 mlrd dollardan ortiq qo‘shimcha yordam berishi ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina Zelenskiy Kiev Dmitriy Kuleba Annalena Berbok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing