Berbok Ukrainaga yordam qisqarishi Germaniyaga xavf keltirishidan xavotirda
Olam
−
17 iyun 2024 7172 2 daqiqa
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ukrainaga yordamni kengaytirishga chaqirdi. Bu haqda u “Süddeutsche” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Vazirga ko‘ra, Ukrainaga Rossiya agressiyasidan o‘zini himoya qilish uchun yordam to‘xtatilsa, bu Germaniya va NATO uchun xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Agar biz Ukrainaga yordam berishda davom etmasak, Putinning qo‘shinlari Polsha bilan chegarada doimiy turish xavfi paydo bo‘ladi va urush tezda Yevropa Ittifoqi va NATO hududiga ham tarqaladi. Ozodligimiz va mustaqilligimizni o‘zimiz himoya qilishimiz kerak bo‘lsa, buning badali qanday bo‘lishini bilmayman. Shunisi aniqki, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bizga urushni o‘zimizdan uzoqlashtirish imkonini beradi", deydi Berbok.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari, shuningdek, yangi qochqinlar oqimi xavfi haqida ham ogohlantirdi.
“Men bu so‘zlarni birinchi navbatda rasmiy Kiyevga yordam berishdan bosh tortganlarga aytmoqchiman. Agar Ukraina endi o‘zini himoya qila olmasa, u holda qiynoqlar va ishg‘ol ostida qolgan millionlab odamlar ushbu davlatlarga qochishga majbur bo‘ladi”, deya jurnalistlarga javob bergan Berbok.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bir milliondan ortiq ukrainaliklar allaqachon Germaniyadan boshpana topgan. So‘zining oxirida u yana bir bor butun dunyodagi hamkorlarni Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashni davom ettirishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Berbok kutilmaganda Ukrainaga borgandi. Shuningdek, uning Isroilni G‘azodagi urush olovini pasaytirishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.