Berbok Ukrainaga Germaniya harbiylari yuborilishini istisno qilmadi
Olam
−
04 dekabr
2797Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘t ochishni to‘xtagan taqdirda nemis tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborishni istisno etmadi. Bu haqda vazirning Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidagi bayonotlariga tayanib, “Die Welt” agentligi xabar berdi.
Berbokning fikricha, nemis askarlari tinchlikni ta’minlash uchun ishlatilishi mumkin.
Vazir, shuningdek, NATOga a’zolik ko‘rinishidagi xavfsizlik kafolatlari bilan bir qatorda, “o‘t ochishni to‘xtatishga rioya etilishini ta’minlash uchun xalqaro mavjudlik” ham ko‘rib chiqilishi mumkin, deb hisoblaydi.
Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, Germaniya tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday harakatni “bor kuchi bilan qo‘llab-quvvatlaydi”.
Qayd etish joizki, oldinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi uchun Rossiya bilan urushni to‘xtatishga tayyor ekanini bildirgandi. Ukraina Prezidentining fikricha, alyansga qo‘shilish mamlakatni Rossiyaning keyingi agressiyasidan himoya qilishni kafolatlaydi. Keyinchalik Kiyev Shimoliy Atlantika alyansidagi to‘liq a’zolikdan tashqari har qanday xavfsizlik kafolatlarini rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda 20 ga yaqin G‘arb davlati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ukrainaga G‘arb davlatlarining quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborish ehtimoli mavzusi ko‘tarilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda ishtirokchilar bu masala bo‘yicha konsensusga kela olmagan, ammo kelajakda bunday ssenariyni istisno qilib bo‘lmaydi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr