Berbok Trampning Rossiyani G7’ga qaytarish g‘oyasini rad etdi
Olam
−
15 fevral 2025 6027 2 daqiqa
Rossiya iqtisodiy jihatdan rivojlangan yetakchi demokratiyalar guruhi – “Katta yettilik” (G7) tarkibiga kiritilmasligi kerak. Bu haqda kecha, 14 fevral kuni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ma’lum qildi.
Ushbu guruh tarkibiga AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya kiradi.
“G7 hamkorlari sifatida biz so‘nggi uch yil ichida amalga oshirilgan shafqatsiz keng ko‘lamli bosqin davomida bir necha bor aniq qilib aytdik: hozirgi Rossiya – Putinning Rossiyasi bilan oddiy hamkorlik bo‘lishi mumkin emas”, dedi u.
Berbokning eslatishicha, Rossiya 2014 yilda Qrimning anneksiya qilinishi ortidan G7 (o‘shanda G8) tarkibidan chiqarilgan, oradan 8 yil o‘tib esa Putin Ukraina ustiga butun kuchi bilan bostirib kelgan. Uning fikricha, hozirgi “sun’iy tinchlik” Rossiyaning butun Yevropa xavfsizligiga tahdid soluvchi yanada katta tajovuziga olib kelishi mumkin. Shu sababli, AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiyani G7’ga a’zolik masalasini faqatgina Rossiya haqiqatan ham tinchlik yo‘liga qaytib, “tajovuz siyosati”ni o‘zgartirgandagina ko‘rib chiqish mumkin.
“Shundagina, albatta, biz turli sohalarda hamkorlikni tiklashimiz mumkin bo‘ladi”, dedi Berbok.
Bunga javoban Tramp Rossiyaning “Katta yettilik” tarkibiga qaytarilishi tarafdori ekanini aytib, uning chiqarilishi xato bo‘lganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, bu masala Rossiyaga bo‘lgan simpatiya yoki antipatiyaga bog‘liq emas, balki G8'ning dastlabki tuzilishiga asoslanadi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin ham qayta qabul qilinishni istaydi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Rossiya G7 tarkibiga qaytishdan ko‘ra, “Katta yigirmalik” (G20) doirasidagi faoliyatni muhimroq deb bilishini bildirgan. U G7'ning dolzarbligi sezilarli darajada kamayganini, dunyodagi o‘sish markazlari boshqa mintaqalarga ko‘chganini ta’kidlab, “Katta yigirmalik” global iqtisodiy lokomotivni aniqroq aks ettirishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda AQSHning yangi javob tariflari haqida gapirganda Rossiyaning G7 tarkibiga qaytishini istashini va Moskvaning chetlatilgani xato bo‘lganini aytgandi.
Live
Barchasi