Berbok kutilmaganda Ukrainaga bordi
Olam
−
21 may
8697Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi joriy hujumi fonida Ukrainaga havo mudofaasi sohasida xalqaro yordamni zudlik bilan oshirishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 21 may kuni Kiyevga oldindan e’lon qilinmagan tashrifi boshlanishida ma’lum qildi.
Bu Berbokning urush boshlanganidan beri Ukrainaga yettinchi birdamlik tashrifidir.
“Ukraina omon qolishi, ukrainaliklar kelajakda o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va Putin qo‘shinlari yaqinda o‘z chegaralarimizda turmasligi uchun biz bor kuchimizni to‘plashimiz kerak”, degan u.
Berbokning ta’kidlashicha, u va Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius tomonidan boshlangan global tashabbus tufayli Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun deyarli bir milliard yevro yig‘ilgan.
"Biz ko‘proq mablag‘ to‘plash uchun jadal ishlayapmiz, biz har qanday imkoniyatlarni sinchkovlik bilan tekshiramiz va o‘zimiz qo‘shimcha Patriot majmuasini ajratamiz. Bizning yordamimiz Ukraina bu urushda g‘alaba qozonishiga qat’iy ishonchga asoslanadi. Putin oxir-oqibat bizning yordamimiz tugaydi, deb taxmin qilmoqda, ammo biz chidamlimiz. Germaniya, dunyoning ko‘plab boshqa mamlakatlari bilan birga, Ukraina tomonida tosh kabi mustahkam turadi. Ukrainadagi odamlar doimo bunga ishonishlari mumkin. Biz buni iyun oyida butun dunyoni Berlinga Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiyaga taklif qilganimizda yaqqol ko‘rsatamiz. Dunyo bo‘ylab hamkorlar hamda iqtisodiyot, fuqarolik jamiyati va jamoalarning kuchli ittifoqi bilan birgalikda biz Ukraina kelajagini ta’minlash uchun uzoq muddatli sarmoya kiritmoqdamiz”, dedi Annalena Berbok.
Germaniya vaziri Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini ham qattiq qo‘llab-quvvatladi.
“Hech qachon biz yevropaliklarning taqdirimiz Ukraina bilan bunchalik chambarchas bog‘liq bo‘lmagan. Ukraina o‘z erkinligini katta qat’iyat bilan himoya qiladi va shu orqali bizning ozodligimiz uchun kurashadi. Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi Rossiya tomonidan boshlangan noqonuniy bosqinchilik urushining zaruriy geosiyosiy natijasidir”, deydi Berbok.
Qayd etish joizki, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va askarlar yetishmasligi sababli Ukraina ko‘p oylardan beri mudofaa holatida. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb harbiy yordami yetkazilishi kechikayotganidan shikoyat qildi va Berbokning Kiyevga joriy tashrifidan biroz oldin yana Ukrainaga qo‘shimcha havo mudofaa tizimlari va G‘arb jangovar samolyotlarini zudlik bilan yetkazib berishga chaqirdi.
Uning aytishicha, havodagi ustunligi tufayli Rossiya Ukraina shaharlari va mustahkamlangan hududlarni vayron qilish uchun bombalardan foydalanmoqda. Hozirda Rossiya qo‘shinlari bu taktikani Xarkov va Donetsk viloyatlarida, Chasov Yar va Pokrovsk yaqinida faol qo‘llamoqda. Xarkov Rossiya chegarasi hududidan muntazam bombardimon qilinmoqda.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan Annalena Berbok Xarkovga tashrif buyurishdan bosh tortishga majbur bo‘ldi. U bu shaharga 2023 yil yanvar oyida tashrif buyurgan va Xarkovdagi tinch aholining ahvoli bilan yana tanishishni niyat qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 14 may kuni erta tongda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga yetib borgandi. O‘shanda Blinken yangi mudofaa sanoati jamg‘armasi orqali Ukrainaga qo‘shimcha 2 milliard dollar harbiy mablag‘ ajratilishini e’lon qildi.