Benzin va gaz narxi pasaydi
Jamiyat
−
13 noyabr 2019
22697Joriy yilning 4-10 noyabr kunlari "O‘zRTXB"da o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra birja bozorining turli tovar segmentlarida narxlar dinamikasi turli yo‘nalishlar bo‘yicha shakllanib bordi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida 3898,5 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qo‘yildi, va shundan 2906,5 tonnasi sotildi. So‘nggi savdo haftasida AI-91 rusumli benzini bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 0,4% ga pasaydi va bir tonnasi uchun 6236,8 ming so‘mni tashkil etdi.
O‘tgan haftada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 11,8 mlrd so‘mlik 4544,0 tonna suyultirilgan gaz sotishdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 4,6% ga pasayib, bir tonna uchun 2596,9 ming so‘mni tashkil etdi.
Qora metall bozorida talab o‘sib bormoqda. Xususan, ST 12-35 GS armaturaning narxi 19,5% ga o‘sib, bir tonnasi uchun 5607,3 ming so‘mni tashkil etdi. Birja orqali sotilgan barcha turdagi qora metallning hajmi jami 7,7 ming tonnani tashkil qilgan.
Oltinning narxi kichik pasayishni ko‘rsatmoqda, so‘nggi savdo haftasida shakllangan birja kotirovkasi 1 gr oltin uchun 453,0 ming so‘mni tashkil etdi. Haftalik savdo natijalariga ko‘ra O‘zRTXB da 271,9 mln so‘mlik 600 gr Au-1 markali oltin sotilgan. Sotuvchi sifatida “Olmaliq KMK” AJ savdoda qatnashdi.
Sement bozori qurilish mavsumining yakuniy bosqichida narxlar trendi pasayishini namoyon etmoqda. PS M-400 D-20 sement bo‘yicha narxlar avvalgi haftaga nisbatan 4,7% ga pasayib, 536,1 ming so‘mni tashkil qildi. Faol sotilayotgan boshqa markali sementlarning narxlar diapazoni 460,0-750,0 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Birjada paxta tolasi uchun yuqori darajadagi talab saqlanmoqda. O‘tgan hafta 1 nav 4 tip (oddiy klass)dagi paxta tolasi bo‘yicha narxlar 7,5% ga o‘sib, bir tonna uchun 13,5 mln so‘mni tashkil etdi. Paxta tolasini boshqa navlarining narxlari o‘rtacha 7,3 mln so‘mdan 13,0 mln so‘mgacha bo‘ldi.
Plyonka ishlab chiqarishda foydalaniladigan F-0120 polietilenning bir tonna uchun narxi 11,9 mln so‘mni tashkil etib, 0,5% ga pasaydi. O‘tgan haftada jami 1,7 ming tonna polietilen sotilgan.
O‘tgan haftada karbamidning narxi pasaygani kuzatildi, bir tonnasini narxi 2,3% ga pasayib 1770,2 ming so‘mni tashkil etdi. Umuman olganda, hafta davomida birja savdolari orqali 15,5 ming tonna atrofida mineral o‘g‘itlar sotildi.
Shahnoza To‘ramurotova