Belgorodga yangi hujumlar bo‘ldi
Olam
−
05 iyun 2023
10680Ukraina bilan chegaradosh Rossiyaning Belgorod viloyati Shebekinskiy tumani Novaya Tavoljanka qishlog‘iga “Grad” raketa tizimidan o‘nlab snaryadlar otildi. Bu haqda bugun, 5 iyun kuni tuman rahbari Vladimir Jdanov viloyat hukumatining tezkor yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Bugun ertalab soat 08:30 ga qadar Tavoljanka bo‘ylab “Grad”dan 70 dan ortiq va Shebekino bo‘ylab artilleriyadan 15 dan ortiq o‘q uzildi”, degan Jdanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, atigi bir hafta ichida Shebekinskiy tumanida o‘qqa tutilishi natijasida 67 ta ko‘p qavatli uydagi 1150 ta xonadon va 370 ta xususiy turar-joy binosi zarar ko‘rgan yoki butunlay vayron bo‘lgan.
Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov esa Belgorod viloyatida energetika ob’ektlaridan birida yong‘in chiqqanini ma’lum qilgan.
“Yong‘inning dastlabki sababi drondan tushirilgan portlovchi qurilma bo‘lgan. Qurbonlar yo‘q. Voqea joyida operativ xizmatlar ishlamoqda”, deb yozgan Gladkov Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, 22 may kuni Ukraina Qurolli Kuchlarining asosan ruslardan tashkil topgan harbiy qismlari – “Rus ko‘ngillilari korpusi” va “Rossiya ozodlik legioni” Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatiga hujum boshlagan edi. Shundan so‘ng tinch aholi Belgorodni ommaviy ravishda tark eta boshlagandi. 23 mayga o‘tar kechasi Belgorod viloyati bir necha bor o‘qqa tutildi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov mintaqada aksilterror operatsiyasi davom etayotganini aytdi. Keyinchalik Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Belgorod viloyati hududiga bostirib kirgan 70 dan ortiq diversant yo‘q qilinganini bildirdi. Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi boshlanganini e’lon qildi.
LiveBarchasi