Belgorodga yana hujum bo‘ldi. 8 kishi yaralandi
Olam
−
01 iyun 2023
7091Rossiyaning Belgorod viloyatidagi Shebekino shahrida kecha, 31 maydan bugun, 1 iyun tonggigacha davom etgan otishmalar oqibatida sakkiz kishi yaralandi va ko‘plab binolar zarar ko‘rdi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Shebekinoda Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan o‘q uzilishlar davom etmoqda. Bir kecha kunduzda 8 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar yo‘q.
Shuningdek, gubernator o‘q uzish tugashi bilan mahalliy hokimiyat tinch aholini evakuatsiya qilishini bildirgan.
“Albatta, tinch aholi, aholi hayoti xavf ostida. Birinchi navbatda Shebekino va uning atrofidagi qishloqlarda”, deya qo‘shimcha qilgan Vyacheslav Gladkov.
Eslatib o‘tamiz, 22 may kuni Ukraina Qurolli Kuchlarining asosan ruslardan tashkil topgan harbiy qismlari – “Rus ko‘ngillilari korpusi” va “Rossiya ozodlik legioni” Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatiga hujum boshlagan edi. Shundan so‘ng tinch aholi Belgorodni ommaviy ravishda tark eta boshlagandi. 23 mayga o‘tar kechasi Belgorod viloyati bir necha bor o‘qqa tutildi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov mintaqada aksilterror operatsiyasi davom etayotganini aytdi. Keyinchalik Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Belgorod viloyati hududiga bostirib kirgan 70 dan ortiq diversant yo‘q qilinganini bildirdi. Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi boshlanganini e’lon qildi.
LiveBarchasi