Belgoroddagi neft bazasida portlash yuz berdi
Olam
−
06 mart 2024
5723Rossiyadagi Belgorod viloyatining Gubkinskiy okrugida portlash sodir bo‘lib, infratuzilma ob’ektida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda kecha, 5 mart kuni viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Yong‘in haqidagi xabarni Belgorod viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ham tasdiqladi. Qutqaruv idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, portlash Dolgoye qishlog‘idagi neft omborida bitta tankerga zarar yetkazgan. Yong‘in tarqalishi xavfi va qurbonlar yo‘q.
Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, "Belgorodnefteprodukt" OAJning neft bazasi Dolgoye aholi punktida joylashgan. Taxminlarga ko‘ra, ob’ekt dron hujumining nishoniga aylanishi mumkin edi. Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy bayonotiga ko‘ra, 5 martga o‘tar kechasi havo hujumidan mudofaa tizimlari navbatchi bo‘lib, Belgorod viloyati hududida Ukrainaning bir nechta uchuvchisiz samolyotini yo‘q qilgan.
Ayni paytda Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasidagi manba “Ukrainform” agentligiga Dolgoyedagi neft omboriga hujumni Ukraina razvedkasi amalga oshirganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Ukrainada ishlab chiqarilgan dron haqida ketmoqda.
Ma’lumot uchun, yanvar oyida Rossiya-Ukraina chegarasidan 170 kilometr uzoqlikda joylashgan Orel shahrida joylashgan “Orelnefteprodukt” neft bazasiga hujum uyushtirilgan. O‘shanda dron bo‘sh tankerga qulab tushgan va hech qanday yong‘in sodir bo‘lmagan. Fevral oyida Kursk viloyatidagi neft bazasida uchuvchisiz samolyotning zarbasi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2 mart kuni dron Sankt-Peterburgning Piskarevskiy prospektidagi turarjoy binosiga kelib urilgandi. Uning taxminiy nishoni voqea joyidan bir kilometr masofada joylashgan Ruchiy neft bazasi bo‘lishi mumkin edi.
LiveBarchasi