Belarusda “Fashistlarga qarshi marsh” bo‘lib o‘tdi

Olam

image

Belarusda Prezidentlik saylovidan keyin boshlangan norozilik harakatlari haligacha davom etmoqda. Kecha, 22 noyabr kuni ham Belarus poytaxti Minsk shahrida Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi kun bo‘yi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Norozi aholi “Fashistlarga qarshi marsh” umumiy nomi ostida birlashdilar.

Ma’lum bo‘lishicha, 22 noyabr kuni ertalab norozilik harakatlari arafasida shaharga harbiy texnikalar olib kirilgan, eng katta maydonlar to‘siqlar bilan to‘sib qo‘yilgan. Shahar markazidagi 10 ta metro stansiyalarining kirish-chiqish qismi yopilib, mobil internetda ayrim uzilishlar kuzatilmoqda.

Namoyishchilar tushga yaqin shaharning turli tumanlarida to‘plana boshladi va katta ko‘chalar bo‘ylab qo‘llarida shiorlar tushirilgan afishalar bilan yurish qildi. Politsiyachilar tomonidan norozilik ishtirokchilarining ma’lum bir qismi hibsga olingan. Harakat ishtirokchilarining soni ko‘payib ketgani bois, asosan erkaklar hibsga olingan. “TUT.by”ning xabar berishicha, xavfsizlik kuchlari ba’zi hollarda do‘konga borgan yoki piyodalar o‘tish joyi atrofida turgan fuqarolarni hibsga olgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachilar hibsga olish paytida dubulg‘a va esankiratuvchi granatalardan foydalanganlar. Politsiya o‘z navbatida, jamoat tartibini buzgan va politsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan shaxslarni hibsga olish paytida maxsus vositalardan foydalanilganini tasdiqladi. Lekin, aynan qaysi maxsus vositalardan foydalanilganligi oshkor qilinmadi.

Politsiya rasmiy ravishda 200 dan ortiq odam hibsga olingani haqida xabar berdi. “Bahor” inson huquqlari markazining ma’lumotlariga ko‘ra, Minsk va boshqa shaharlarda jami 276 kishi hibsga olingan. Ular orasida “Giyohvandlik davri” guruhining rahbari Ilya Cherepko-Samoxvalov ham bor.

Hibsga olinganlar orasida kamida 12 nafar jurnalist borligi ma’lum qilindi. Shuningdek, 19 noyabr kuni hibsga olingan “TUT.by” jurnalisti Katerina Borisevich, qonun bilan belgilangan 72 soatlik hibs muddati tugaganiga qaramay, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi [KGB] tergov hibsxonasidan ozod qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Nashrning yozishicha, u kamida 29 noyabrgacha hibsda qoladi. Borisevich, xususan, hibsga olish paytida vafot etgan Roman Bondarenko haqida maqola tayyorlamoqda.

Minskdan tashqari Belarusning boshqa yirik shaharlarida ham norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Sankt-Peterburg, Oslo, Kyoln va Vilnyus shaharlarida ham birdamlik aksiyalari o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus muxolifatining yetakchisi Svetlana Tixanovskaya kelajakda mamlakat Prezidenti Aleksandr Lukashenko va uning tarafdorlari rejimini jazolash uchun xalq tribunali tuzilganini e’lon qildi.

Keyinchalik 16 noyabr kuni Minskda belaruslik nafaqaxo‘rlar ruxsatsiz yana bir norozilik namoyishini o‘tkazdi. “Nafaqaxo‘rlar yurishi” deb nomlangan norozilik namoyishi an’anaviy ravishda har dushanba kuni Minskning markaziy Mustaqillik xiyoboni bo‘ylab o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskda namoyishchilar to‘planayotgan maydonlar mamlakatda fuqarolar urushi boshlanadigan joy bo‘lishini aytib o‘tdi.

“Minskda maqbara shaklida yodgorlik o‘rnatishning nima keragi bor? Birinchidan, maqbara va yodgorlik – bu aholiga psixologik ta’sir o‘tkazish... Radikallashish jarayoni boshlandi, bu maydonlar janjal joyiga aylanib bo‘ldi. Kimdir fashistlarning tasmasini bog‘laydi, kimdir buni yoqtirmasdan, kelib uni chavoqlaydi, janjal va to‘palon boshlanadi... Asosiy maqsad shuki, bu qarama-qarshilik nuqtalari ertaga radikalizatsiya davom etganda va bu yerga chet eldan kelishganda, biznikilar bu yerni fuqarolar urushi boshlanadigan joy bo‘lishi uchun qo‘liga qurol oladi”, degan Lukashenko.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

54

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing