Belarusda butun bir qishloq sotuvga qo‘yildi
Olam
−
25 fevral 6831 1 daqiqa
Belarusning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Veseluxa qishlog‘i sotuvga qo‘yildi. Bu haqda bugun, 25 fevral kuni “Minska Pravda” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qishloqning narxi 30 ming Belarus rubli etib belgilangan. Bu taxminan bir xonali kvartira narxiga teng.
Veseluxa Postavi shahridan 5 kilometr, Litva chegarasidan esa 20 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qishloq juda kichik bo‘lib, atigi uchta uydan iborat. Shunga qaramay, u alohida ma’muriy birlik sifatida ro‘yxatga olingan. Eng yaqin aholi punkti – 55 kishi yashaydigan Savichi qishlog‘i bo‘lib, u 1 kilometr masofada joylashgan.
Hududda quduq va elektr ta’minoti mavjud. Uylar pechka bilan isitiladi, kanalizatsiya tizimi esa yo‘q. Qishloq o‘rmon va suv havzalari yaqinida joylashgan bo‘lib, tinch va shovqinsiz muhitga ega. Turarjoylardan tashqari, hududda qo‘shimcha xo‘jalik binolari va garaj ham bor.
Ma’lum qilinishicha, avval barcha uylar bir shaxs tomonidan sotib olingan. U bu joyni agroturizm maskaniga aylantirishni rejalashtirgan, biroq loyiha amalga oshmagan. Shundan so‘ng mulk to‘liq sotuvga chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning Rio-de-Janeyro shtati o‘zining katta qarzini kamaytirish maqsadida dunyoning eng mashhur stadionlaridan biri “Marakana”ni sotuvga qo‘ygandi.
Live
Barchasi