Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosi sotuvga qo‘yildi

Jamiyat

image

Bugun, 4 iyun kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’muriy binosi “E-auksion” elektron savdo platformasiga 165,5 milliard so‘m boshlang‘ich narxda sotuvga qo‘yildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ob’ekt Toshkent shahrining Amir Temur shoh ko‘chasi 6-uy manzilida joylashgan bo‘lib, to‘qqiz qavatli bino va unga tutash inshootlardan iborat. Umumiy maydoni 11 008 kvadrat metrni tashkil etadi. Shuningdek, ob’ekt bilan birga 0,67 gektar yer maydoni ham beriladi, biroq u doimiy mulk sifatida emas, ijara asosida taqdim etiladi.

Dastlab belgilangan tartibga ko‘ra, savdoda ishtirok etish uchun arizalar bugun, 4 iyun kuni soat 09:00 da yakunlangan va auksion shu kuni soat 10:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq keyinchalik savdolar o‘tkazilmagan deb topilgan.

Lot shartlariga muvofiq, bino sotilgan taqdirda ham darhol yangi egasiga topshirilmaydi. Ob’ekt uch yil ichida bo‘shatilishi belgilangan bo‘lib, bu jarayon davlat idoralarining bosqichma-bosqich yangi binolarga ko‘chirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yangi mulkdor binodan faqat amalda topshirilgandan so‘ng foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Binoda suv ta’minoti, kanalizatsiya va elektr energiyasi mavjud, ammo gaz tarmog‘i yo‘q.

Shuningdek, hujjatlarda xaridor binodan funksional yo‘nalishini o‘zgartira olmasligi qayd etilgan. U faqat shaharsozlik normalariga muvofiq ofis va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Universal Mobile Systems” MCHJ (MobiUz) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro ochiq savdo jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlandi va kompaniya rasman sotilgandi. “MobiUz” kompaniyasining qiymati 351 mln AQSH dollari darajasida baholangan.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bino sotuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing