Belarus – O‘zbekiston qo‘shma instituti tashkil etiladi — Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 noyabr kuni “Toshkent shahrida Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Belarus milliy texnika universiteti, Respublika kasb-hunar ta’limi instituti (Belarus Respublikasi) va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Toshkent shahrida Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutini (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Institutning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

•    xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida respublika sanoat tarmoqlarining eng muhim ilmiy-ishlab chiqarish masalalarini hal eta oladigan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash;

•    oliy va kasb-hunar ta’limining zamonaviy ta’lim dasturlari va shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini tatbiq etish;

•    bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga muvofiq yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yaratish orqali o‘quv-uslubiy ishlar sifati va darajasini oshirish;

•    ta’lim va fanning uzluksizligi va uzviyligi hamda jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashish hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

•    ilmiy-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va ta’lim usullarini faol takomillashtirish;

•    ishlab chiqarish tizimlarida tejamkorlik, ishonchlilik va barqaror faoliyatni oshirishga yo‘naltirilgan, mashinasozlik, mexanika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, biotexnologiya, metrologiya va standartlashtirish hamda sanoat ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish;

•    ta’lim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasi uchun sharoitlar yaratish;

•    ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlarningetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.
3. Belgilansinki:

•    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Institutning ta’sischisi (keyingi o‘rinlarda –ta’sischi), Belarus milliy texnika universiteti va Respublika kasb-hunar ta’limi instituti (Belarus Respublikasi) Institut faoliyatini tashkil etish ishtirokchilari (keyingi o‘rinlarda – ishtirokchilar) hisoblanadi;

•    Institut O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

•    Institut oliy malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi;

•    Institut o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiradi;

•    Institutning ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi;

•    Institutga abituriyentlar, tadqiqotchilar va tinglovchilarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ta’sischi va ishtirokchilar tomonidan o‘rnatilgan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

•    Institutdagi ta’lim O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq ta’sischi va ishtirokchilar tomonidan tasdiqlangan ta’lim dasturlari bo‘yicha rus tilida amalga oshiriladi;

•    Institut bitiruvchilariga ta’lim yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Belarus milliy texnika universitetining oliy ta’lim to‘g‘risida belgilangan namunadagi diplomi topshiriladi;

•    qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini o‘zlashtirgan tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan Belarus Respublikasining o‘rnatilgan namunadagi hujjatlari (kasb bo‘yicha malaka razryadi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, oliy ta’lim darajasida qayta tayyorlash to‘g‘risidagi diplom, malaka oshirganligi to‘g‘risida guvohnoma) topshiriladi.

4. Ta’sischi va ishtirokchilarning quyidagilarni ta’minlashda yordam berishlari ma’lumot uchun qabul qilinsin:

•    Institutning o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini joriy etish;

•    O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini, stajirovkalarini tashkil etish;

•    Institut kutubxona fondini shakllantirish va zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirish.

5. Quyidagilar:

•    Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha asosiy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) ro‘yxati1-ilovaga muvofiq;

•    Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti Vasiylik kengashining tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Vasiylik kengashi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Vasiylik kengashi Institut rivojlanishiga ko‘maklashuvchi jamoatchilik boshqaruvining oliy organi hisoblanadi.

Belgilasinki, Vasiylik kengashi quyidagilarga ko‘maklashadi:

•    Institutning texnik rivojlanishi va samarali faoliyat yuritishini ta’minlash uchun moliyaviy ko‘mak, byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish;

•    talabalarning malakaviy amaliyotlarini Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqarish korxonalarida o‘tash;

•    Institut xodimlari va talabalarining istiqbolli dasturlari va g‘oyalarini amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga samarali tatbiq etish;

•    professor-o‘qituvchilar va yosh olimlarga xalqaro ilmiy-texnikaviy ma’lumotlarning axborot-tahliliy bazasiga kiritilgan jurnallarda, shu jumladan, “Scopus” va “Web of science” jurnallarida ilmiy maqolalar chop etishda, shuningdek, o‘quv-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqayotgan, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan mutaxassislarga, shu jumladan, ularni moddiy rag‘batlantirish orqali;

•    Institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma, shu jumladan, ikki bosqichda amalga oshiriladigan (birinchi bosqich – talabalarni butun ta’lim jarayonining birinchi yarmida Institutda, ikkinchi bosqich – butun ta’lim jarayonining ikkinchi yarmida Belarus milliy texnika universitetida o‘qitish) zamonaviy ta’lim dasturlari asosida kadrlarni tayyorlash.

7. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

•    Institutga o‘qishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan oshmagan holda davlat grantlari asosida talabalarning o‘qishi uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

•    talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

•    yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari;

•    davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

•    tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘lari (grantlar, texnik ko‘mak va boshqalar);

•    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

•    Institutning qabul parametrlari va qo‘shma ta’lim dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ta’sischi va ishtirokchilarning asoslangan takliflariga binoan manfaatdor vazirliklar va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari asosida Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi;

•    Institutda to‘lov-kontrakt asosida ta’lim uchun to‘lovlar miqdori O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’sischi tomonidan, Belarus Respublikasi hududida – Belarus milliy texnika universiteti tomonidan belgilanadi;

•    Institutning davlat grantlari asosida ta’lim olgan bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi;

•    Institut ta’minotiga byudjet mablag‘lari 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar parametrlari doirasida ajratiladi, 2020 yildan boshlab esa mazkur soha uchun har yilgi xarajatlar parametrlarida ko‘zda tutiladi.

9. Quyidagilarga:

•    Institutning yuqori malakaga ega bo‘lgan, o‘quv-uslubiy ta’minotni ishlab chiqqan, maxsus uskunalar bilan ishlash malakasiga ega bo‘lgan xodimlariga Vasiylik kengashi qarori bilan Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shaxsiy ustama haq belgilashga;

•    imzolangan shartnomalar asosida o‘rnatilgan tariflar bo‘yicha pedagogik va ilmiy ishlar uchun taklif qilingan xorijiy professor va o‘qituvchilarning (shu jumladan, Belarus Respublikasi fuqarolari) mehnatiga haq to‘lash, yashash va transport xarajatlarini Institut tomonidan to‘lanishiga ruxsat etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga 2021 yilda Navoiy shahrida Institutning sanoatning ustuvor yo‘nalishlari, injiniring, texnologiyalar va IT-dasturlash bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan filialini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Institutni joylashtirishni ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020 yil 1 avgustga qadar dastlabki bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va Vasiylik kengashi tomonidan shakllantiriladigan mablag‘lar hisobidan (zarur hollarda) Institutning bino va inshootlarini ta’mirlash-tiklash va jihozlash ishlarini amalga oshirsin hamda uni birinchi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan mebel, inventar, kompyuter va boshqa orgtexnika, o‘quv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan ta’minlasin.

13. Institutga ikkita, jumladan, bitta shaxsiy biriktirilgan va bitta navbatchi yengil avtotransport vositalarini saqlash uchun limit ajratilsin.

14. Institutni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘quv va ilmiy laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvchi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ta’sischi va ishtirokchilar bilan birgalikda:

•    bir oy muddatda Institutning ta’sis hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni;

•    ikki oy muddatda Institutning tashkiliy tuzilmasini Vasiylik kengashiga tasdiqlash uchun kiritishni;

•    2020 yil 1 avgustga qadar Institutni malakali professor-o‘qituvchilar bilan tanlov asosida butlashni ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomasiga binoan ushbu qarorni amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijlik professor-o‘qituvchilarga, shuningdek, ularning oila a’zolariga kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Institutning buyurtmanomasiga binoan xorijlik professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun ko‘p martalik vizalar hamda O‘zbekiston Respublikasida vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha vaqtincha propiska davlat boji undirilmasdan berilishi va uzaytirilishini ta’minlasin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 20 noyabr

 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

96

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing