Belarus Bosh vaziri O‘zbekistonga kelyapti
Jamiyat
−
04 dekabr 2023
4907Bugun, 4 dekabr kuni Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko O‘zbekistonga keladi. U amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘ladigan hukumat delegatsiyasiga boshchilik qiladi. Bu haqda Belarus hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, ertaga, 5 dekabr Samarqandda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi, shuningdek, O‘zbekiston-Belarus biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.
“Roman Golovchenko va uning o‘zbekistonlik mavqedoshi Abdulla Aripov o‘rtasidagi ish uchrashuvi qizg‘in kunning yakuni bo‘ladi”, deyiladi Belarus hukumati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida o‘tayotgan MDH sammiti doirasida Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarusning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlat maqomini olish bo‘yicha majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. 25 oktyabr kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko bilan uchrashdi.