Belgiya Ukrainaga 30 ta F-16 qiruvchi samolyotini beradi
Olam
−
28 may
4439Ukraina va Belgiya xavfsizlik sohasida hamkorlik va Kiyevni Rossiya tajovuzini qaytarishda uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi. Bu haqda bugun, 28 may kuni Belgiya Bosh vaziri Aleksandr de Kroo va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilishdi.
Ukraina Prezidenti Bryusselga rasmiy tashrif bilan bordi. Ikkala siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, hujjatda Belgiyaning joriy yilda Ukrainaga 977 million yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatishi, shuningdek, Belgiyaning Kiyevni 10 yil davomida qo‘llab-quvvatlash majburiyati ko‘zda tutilgan.
“Shartnoma Belgiyadan o‘z vaqtida yordam, zamonaviy zirhli texnika, Ukraina havo kuchlari va havo mudofaasi ehtiyojlarini qondirish, dengiz xavfsizligi, minalardan tozalash, artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish bo‘yicha koalitsiyada ishtirok etish, shuningdek, harbiy tayyorgarlikni kafolatlaydi”, deydi Zelenskiy bayonotida.
Bundan tashqari, Belgiya Tashqi ishlar vaziri Xadja Labib, kelishuvga ko‘ra, 2028 yilgacha Ukrainaga 30 ta F-16 qiruvchi samolyotini berilishini ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, birinchi samolyotlar joriy yilda Ukrainaga yetkaziladi. Hujjatda birinchi marta Belgiya Kiyevga yuboradigan qiruvchi samolyotlarning aniq soni ko‘rsatilgan. Shartnomada Belgiya rasmiylarining Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridagi mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatish istagi ham bayon etilgan.
"Belgiyaning Ukraina bo‘yicha jamg‘armasi va boshqa mablag‘lar bilan bir qatorda Belgiya korporativ soliqlari tomonidan moliyalashtiriladigan, Belgiyaning Euroclear markaziy depozitariysida saqlanadigan muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olinadigan kutilmagan foyda Ukrainaga doimiy harbiy va fuqarolik yordamini ko‘rsatishga xizmat qiladi", deyiladi Ukraina Prezidenti saytida e’lon qilingan hujjat matnida.
Biroq Belgiya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan barcha qurollar, jumladan, F-16 qiruvchi samolyotlari Ukraina hududidagina ukrainalik harbiylar tomonidan qo‘llanilishi kerak.
“Bizga bir narsa aniq: siz va Ukraina xalqi o‘z aholingizni mutlaqo noqonuniy tajovuzdan himoya qilish uchun to‘g‘ri vositalarga loyiqsiz. Siz g‘alaba qozonasiz va g‘alaba qozonishingizga yordam berish bizning burchimizdir. Bizning qo‘llab-quvvatlashimiz kuchli va mustahkam bo‘lib qolmoqda, bu urushning natijasi bizning Yevropa manfaatlarimiz, Yevropa qadriyatlarimiz va Yevropa xavfsizligimiz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deydi De Kroo Zelenskiyga.
Zelenskiy esa yana hamkorlarini Ukrainaga Rossiya Federatsiyasiga qarshi qurol ishlatishiga ruxsat berishga chaqirdi. Zelenskiy, ba’zi sheriklar Ukrainaga Rossiya hududiga o‘zlari taqdim etgan qurollar bilan hujum qilishni taqiqlaydi, degan savolga javob berar ekan, Rossiya qo‘shinlarining Xarkov viloyatidagi so‘nggi hujumini esladi, zarbalar davomida ular 10 km ichkarigacha o‘tgan.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari Rossiya Federatsiyasi hududidagi pozitsiyalaridan uzoq masofali qurollar va artilleriya bilan Ukraina Qurolli Kuchlari pozitsiyalariga va aholi punktlariga zarba berganda, Ukraina javob bera olmaydi, chunki "quroldan foydalanish huquqi” yo‘q.
Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina o‘z sheriklarining qo‘llab-quvvatlashini xavf ostiga qo‘ya olmasligini va shuning uchun ular taqdim etgan qurollardan Rossiya Federatsiyasi hududiga zarba berishda foydalanmasligini ta’kidladi.
Ukraina tomoniga ko‘ra, Belgiya Ukraina Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Kanada, Italiya, Niderlandiya, Finlyandiya, Latviya va Ispaniya bilan birga ikki tomonlama xavfsizlik bitimi tuzgan 11-davlat bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 may kuni Zelenskiy Ispaniyaga borgan va u yerda ham ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzolagandi. Ispaniya hukumati Ukrainaga bir milliard yevro miqdorida harbiy yordam berishga va’da berdi.
LiveBarchasi