Tramp va Kim Chen In uchrashuvi keskin tus oldi. Tushlik bekor qilindi
Olam
−
28 fevral 2019
15210Oq uy bergan xabarga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp va KXDR davlat Kengashi rahbari Kim Chen Inning Xanoydagi uchrashuvida kutilgan natijaga erishilmadi. Muzokaralar rejalashtirilganidan oldinroq tugatildi va birgalikda imzolangan hujjatlar ma’lum qilinmadi. Bu haqda “Bloomberg” xabar bermoqda.
Bugun, 28 fevral kuni mahalliy vaqt bilan 14:00 bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan davlat rahbarlari ishtirokidagi tushlik bekor qilindi. Tramp va Kim Chen In sammit olib borilayotgan "Sofitel Legend Metropole” mehmonxonasini allaqachon tark etishdi. Donald Trampning jurnalistlar bilan matbuot anjumani ikki soat oldin o‘tkazilishi belgilandi. Jadvaldagi o‘zgarishlar sabablari hali ma’lum qilingani yo‘q.
Oq uy xabariga ko‘ra, Donald Tramp va Kim Chen In yadrosizlantirish choralari to‘g‘risida “yaxshi va konstruktiv uchrashuv” olib borishdi. AQSH prezident ma’muriyati kotibasi Sara Sandersning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda umumiy kelishuvga erishilmadi, ammo ikki davlat rahbarlarining kelgusi uchrashuvlari kutilmoqda.
AQSH va KXDR rahbarlarining sammiti kecha, 27 fevral kuni Vetnamda boshlangan edi. OAV Pxenyanning yadro qurolidan voz kechishi, ikki davlatning bu yo‘ldagi kelgusidagi vazifalari to‘g‘risidagi “Xanoy deklaratsiyasi” imzolanishini kutgan edi.
LiveBarchasi