Beqaror vaziyat: To‘qayev qozog‘istonliklarni qayta emlashga topshiriq berdi
Olam
−
04 noyabr 2021
5051Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatga aholini koronavirusga qarshi qayta emlash kampaniyasini boshlashni topshirdi. Bu haqda Respublika Prezidentining Ekibastuzda monoshaharlarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutqi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilingan.
“Aksariyat davlatlar aholini revaksinatsiya qilishni boshladi. Mart oyida faol kampaniya boshlaganimizni inobatga olsak, qayta emlash muddati bizda ham yaqinlashib qoldi. Hukumat va viloyatlar rahbarlari aholini qayta emlash kampaniyasini boshlashi kerak”, deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan uning matbuot xizmati.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi epidemik vaziyat beqarorligicha qolmoqda — har kuni 30 tagacha o‘lim qayd etiladi.
“Bularning barchasi emlash darajasining pasayishi fonida sodir bo‘lmoqda. To‘qqiz oy davomida aholini qamrab olish taxminan 40 foizni tashkil etdi”, degan prezident.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 1 fevralidan Qozog‘iston Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan aholini koronavirusga qarshi emlashni boshladi. 26 apreldan boshlab Respublikada mahalliy QazVac preparati bilan emlash ishlari olib borilmoqda. Aprel oyi oxirida “Samruk-Kazina” Milliy farovonlik jamg‘armasi Xitoyning Sinopharm kompaniyasidan 1 million doza Hayat-Vax vaksinasini xarid qildi.
Iyun oyi boshida mamlakat Xitoyning Sinovac Biotech firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan 500 000 dozali CoronaVac’ning birinchi partiyasini oldi. Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi 15 iyul kuni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bir komponentli “Sputnik layt” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida xabar berdi. Avgust oyi boshida Respublikaga Sinopharm kompaniyasidan 1 million doza Vero Sell yetkazib berildi.
LiveBarchasi