Beeline abonentlariga yetkazgan milliardlab zararni to‘lab berishni boshladi

Jamiyat

image

2019 yilning iyul oyida “UNITEL” MCHJ tomonidan abonentlarni “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul promo-davrga (10 va 30 kunga) ulanishi bo‘yicha promo-aksiya o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berilgan edi. Ushbu promo-aksiya mazkur xizmatga ulanmagan abonentlar uchun mo‘ljallangan. Biroq, bepul davr tugashi bilan, promo-aksiya shartlariga ko‘ra, ushbu xizmat avtomatik ravishda o‘chirilmagan. Aksincha, o‘rnatilgan narx bo‘yicha kunlik 240 so‘m miqdorida abonentlarga hisoblangan.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi joriy yilning mart oyida Beeline Uzbekistan kompaniyasiga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va “Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari” talablari buzilishi belgilari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan edi. Bu haqda Agentlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muhim raqamlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu promo-aksiyaga umumiy hisobda 3,2 milliondan ortiq abonent ulangan. Ulardan 1,2 millionga yaqini tomonidan mazkur xizmat mustaqil ravishda o‘chirilgan.

Shu bilan birga, 2020 yil may holatiga ushbu xizmat deyarli 1,3 mln. abonentda yoqilgan holatda bo‘lishda davom etgan.

“Agentlikning Maxsus komissiyasi tomonidan 2020 yil 3 iyul sanasida “UNITEL” MCHJga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi hamda Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining 25 va 26 bandlari buzilishi yuzasidan qaror qabul qilindi va ko‘rsatma berildi”, deyiladi xabarda.

Ko‘rsatmada promo-aksiyani o‘tkazish davomida “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul ulangan va aksiya tugaganidan so‘ng avtomatik ravishda xizmat o‘chirilmagan abonentlarga mazkur xizmatni o‘chirish va ko‘rilgan zararni qoplash bo‘yicha talablardan iborat bo‘lib, har bir abonent hisobidan “Xabardor bo‘l” xizmati doirasida ortiqcha yechilgan mablag‘ uning hisobiga qaytarilishi bilan qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Suddagi g‘alaba

Xabar qilinishicha, “UNITEL” MCHJ o‘zining qonuniy huquqlaridan foydalangan holda, shu yilning avgust oyida Toshkent shahar Shayxontohur tuman ma’muriy sudiga Agentlik ko‘rsatmasini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida murojaat qilgan. Biroq sud “UNITEL” MCHJning talabini rad etish va Agentlik ko‘rsatmasini o‘z kuchida qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Oradan vaqt o‘tib, joriy yilning oktyabr oyida Kompaniya Toshkent shahar ma’muriy sudiga appelyatsiya da’vosi bilan qayta murojaat qiladi. Ma’muriy sud ham Agentlikning ko‘rsatmasini haqiqiy deb topib, Kompaniya appelyatsiyasini rad etadi.

“Xabardor bo‘l” xizmati o‘chirildi

Joriy yilning 13 noyabr kuni “UNITEL” MCHJ o‘zining www.beeline.uz rasmiy saytida 26 noyabrdan boshlab, 2019 yil promo-aksiya davomida aksiyaga ulangan abonentlarda “Xabardor bo‘l” xizmati o‘chirilishi to‘g‘risida e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, agentlik tomonidan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha 9 oy davom etgan munozara iste’molchilar foydasiga hal etilgan. Bugungi kunga kelib, Beeline Uzbekistan abonentlariga yetkazilgan zarar 20 milliarddan ortiq miqdorda baholanmoqda. Kompaniya tomonidan ushbu mablag‘lar abonentlar hisobiga qaytarilishi boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Beeline

Baholaganlar

340

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing