“Bahor” davlat raqs ansambli tashkil etiladi – Prezident qarori
Jamiyat
−
05 fevral 2020
6090O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Ko‘p asrlik boy va betakror madaniyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan milliy raqs san’atining xalqimiz ma’naviyati, badiiy-estetik qarashlarini yuksaltirish, yosh avlodni milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Bu esa ushbu san’atni bugungi kunda jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarga mos holda rivojlantirish, milliy raqsning turli yo‘nalish va namunalarini, mamlakatimizning turli mintaqalarida shakllangan mumtoz raqs maktablarini qayta tiklash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish hamda bu boradagi ta’lim-tarbiya, targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Ta’kidlash joizki, nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida ham mashhur bo‘lgan Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” ansambli o‘zining qariyb 30 yillik faoliyati davomida o‘zbek milliy raqs san’ati rivojida o‘chmas iz qoldirdi. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida “Bahor” ansamblining ijodiy faoliyati to‘xtab qoldi.
Shularning barchasini hisobga olgan holda milliy raqs san’atida professional badiiy jamoalar faoliyatini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni tarbiyalash, baletmeysterlar va balet artistlarining yangi avlodini shakllantiradigan ijodiy laboratoriyalarni tashkil etish, ularning malaka va tajribasini oshirish, shuningdek, o‘zbek raqs san’atining “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini yanada oshirish va keng targ‘ib etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” (keyingi o‘rinlarda – Davlat raqs ansambli) faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Davlat raqs ansamblining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
• O‘zbekistonda raqs san’atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijodiy maktablarga xos an’analarni, mohir baletmeysterlar, balet artistlari merosini tiklash;
• milliy raqs san’atining mumtoz va zamonaviy ijro namunalari “oltin fondi”ni yaratish;
• xalqimiz, xususan, yosh avlodni milliy raqs san’ati haqidagi nazariy va amaliy bilimlar bilan keng tanishtirish orqali ularning qalbi va ongida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;
• raqs va xoreografiya san’ati sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etish, iste’dodli yosh baletmeysterlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish;
• milliy raqs va xoreografiya san’ati sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning natijalari asosida zamonaviy raqs kompozitsiyalarini sahnalashtirish;
• milliy raqs san’atini mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish maqsadida Davlat raqs ansamblining milliy hamda jahon xalqlari raqslaridan iborat dasturlari asosidagi gastrol-konsert faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
3. Quyidagilar:
• “Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasining tuzilmasi 1-ilovaga;
• “Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Davlat raqs ansambli faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
• O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
• shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
• xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlarning grantlari;
• yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
• qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Bunda Davlat raqs ansambliga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mablag‘lar uning o‘z daromadlari bilan qoplanmagan qismi uchun ajratiladi.
5. Davlat raqs ansambli artistlari hamda badiiy xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 20 oktyabrdagi PF–1280-son “O‘zbekistonda teatr va musiqa san’atini yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining amal qilishi, artistlar hamda badiiy xodimlarning avvalgi ish joylarida uzoq muddat xizmat qilgani saqlab qolingan holda, tatbiq etilsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Davlat raqs ansamblini saqlash xarajatlari 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi, 2021 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti doirasida nazarda tutiladi;
Davlat raqs ansambli qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, konsert-tomosha faoliyatini tegishli litsenziya olmasdan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida konsert-tomosha tadbirlarini bir martalik ruxsatnoma olmasdan amalga oshirish huquqiga ega;
Davlat raqs ansamblining direktori va badiiy rahbari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
7. Davlat raqs ansambliga:
2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 1 ta yengil avtotransport vositasi uchun mablag‘ ajratilishi;
byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 2 ta avtobus va 1 ta yuk avtotransport vositasini xarid qilish hamda saqlash uchun limit belgilansin.
8. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Davlat raqs ansamblining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ijodkorlari ijtimoiy sharoitini yaxshilash maqsadida doimiy ravishda homiylik yordami ko‘rsatishni nazarda tutuvchi “Do‘stlar klubi”ni tashkil etish bo‘yicha bergan taklifiga rozilik berilsin.
9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z tizimi uchun byudjetdan ajratilgan yillik mablag‘lar doirasida doimiy ravishda Davlat raqs ansambliga “Toshkent radio eshittirish uyi”dagi ovoz yozish studiyalari va texnik vositalardan tekin foydalanish hamda Davlat raqs ansambli tomonidan ijro etiladigan raqslarga bastalangan musiqiy asarlarni yozib olish, efirga uzatish va targ‘ib qilishda amaliy yordam ko‘rsatsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddatda Davlat raqs ansamblini joylashtirish uchun bino ajratish, binoni rekonstruksiya qilish va zarur vositalar bilan jihozlash yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Ushbu qaror ijrosining nazorati quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov – ushbu qaror ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A.Nazarbekov – ushbu qaror va chora-tadbirlarni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’minlasin, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin hamda uning ijrosi bo‘yicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – ushbu qaror va chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati, ahamiyati va mamlakatimizda milliy raqs san’atini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkt Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 4 fevral
LiveBarchasi