Bayrutdagi tarixiy binoda yong‘in chiqdi (video)

Olam

image

Livan poytaxti Bayrut so‘nggi vaqtlarda ofatlar ichida qoldi. Poytaxtning moliyaviy tumanida yirik binoda yong‘in yuz berdi. Bino marhum mashhur me’mor Zaxi Hadid tomonidan loyihalashtirilgan va yillar davomida qurib kelinayotgandi.

“Al-Arabiya” telekanalining ma’lum qilishicha, tarixiy binodagi yong‘in tez o‘chirilgan.

Me’mor Zaxi Hadid loyihalashtirgan noan’anviy bino qurilishi yakunlanish arafasida edi.

Ketma-ket ofatlardan o‘ziga kelishga ulgurmayotgan bayrutliklar tarixiy binoning yonishi aks etgan foto va videolarni tarmoqda bo‘lishgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 avgust kuni Bayrut bandargohida yirik portlash yuz bergandi. Fojiada 190 dan ortiq odam vafot etgan. 6 mingdan ortiq odam jarohatlangan.

Portda bir necha yildan beri saqlab kelinayotgan ammiak moddasi portlagani aytildi. Portlash kuchi 4 balli zilzilaga tenglashtirildi. Texnogen ofat natijasida 300 mingdan ortiq odam boshpanasiz qoldi. Fojia zarari 15 mlrd dollarga baholandi.

Portlashdan keyin boshlangan namoyishlar ortidan Livan Hukumati iste’foga chiqdi.

Oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgach, 10 sentyabr kuni bandargoh hududida yirik yong‘in yuz berdi. Yong‘in dengiz porti hududida joylashgan avtomobil shinalari va yoqilg‘i-moylash materiallari omborida boshlangani aytildi.

Keyinroq Livan Prezidenti Mishel Aun Xavfsizlik bo‘yicha Oliy kengash yig‘ilishida yong‘in sababiga to‘xtalib, bu baxtsiz hodisa emas, qasddan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Bayrut

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing