Bayrutdagi portlash: RF qidiruvdagi rossiyaliklarni ekstraditsiya qilmoqchi emas
Olam
−
23 yanvar 2021
3570Rossiya Livan poytaxti Bayrutda yuz bergan portlash ishi bo‘yicha Interpol tomonidan hibsga olinishi so‘ralgan Rhosus kemasi rahbari Igor Grechushkin va kapitan Boris Prokoshevani qo‘lga olmaydi va o‘zga davlatga topshirmaydi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“I. V. Grechushkin va B. N. Prokoshevga nisbatan chet el davlatlarining vakolatli organlaridan ekstraditsiya va huquqiy yordam to‘g‘risida hech qanday so‘rovlar bo‘lmagan. I. V. Grechushkin va B. N. Prokoshev Rossiya Federatsiyasi fuqarolari ekanligini hisobga olsak, ular boshqa davlatga ekstraditsiya qilinmaydi. Shuningdek, ekstraditsiya qilish uchun xorijiy davlatlarning vakolatli organlarining iltimosiga binoan Rossiya Federatsiyasi hududida hibsga olinmaydi”, deya izoh bergan Rossiya Bosh prokuraturasi.
Avvalroq, Interpol 2020 yil avgustda Bayrut portida sodir bo‘lgan dahshatli portlash bo‘yicha olib borilgan surishtiruv doirasida ikki nafar Rossiya fuqarosini qidiruvga bergani xabar qilingandi. Bular, Bayrutga yirik miqdorda selitra olib kelgan Rhosus kemasining xo‘jayini va kapitani. Shuningdek, ushbu moddani sotib olgan portugaliyalik tadbirkor ham qidiruvga berilgan.
Grechushkin va Prokoshev 2020 yil oktyabrda Livanda sirttan hibsga olingandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 4 avgustda Livan poytaxti Bayrutda yirik portlash yuz bergandi. Mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bandargohning kuli ko‘kka sovurildi. Bandargohda bir necha yillardan beri saqlanib kelgan 2750 tonna ammiakli selitra portladi. Uning kuchi 3,3 balli zilzilaga teng bo‘ldi.
Fojia oqibatida bandargoh vayron bo‘lishidan tashqari, 200 nafarga yaqin odam halok bo‘ldi. 6 mingdan ortiq odam jarohatlandi. Shaharning yarmi portlashdan zarar ko‘rdi. 300 ming odam boshpanasiz qoldi. Moddiy zarar miqdori 15 mlrd dollarga baholandi.
LiveBarchasi