Bayrutdagi dahshatli portlash bo‘yicha rossiyaliklar xalqaro qidiruvga berildi
Olam
−
12 yanvar 2021
9703Interpol 2020 yil avgustda Bayrut portida sodir bo‘lgan dahshatli portlash bo‘yicha olib borilgan surishtiruv doirasida ikki nafar Rossiya fuqarosini qidiruvga berdi.
Gap Bayrut bandargohiga selitrani olib kelgan kema kapitani Boris Prokoshev va kema egasi Igor Grechushkin haqida boryapti. Ular bilan birga o‘sha selitrani Gruziyadan sotib olgan portugaliyalik Xorxe Moreyra ham qidiruvga berilgan.
Interpol orqali qidiruvga berish Livan Bosh prokuraturasi so‘rovi bilan bo‘lgan.
Ikki rossiyalik va portugaliyalikka nisbatan “qizil ogohlantirish” (red notice) chiqarilgan. U hibsga olish uchun xalqaro orderdan kam kuchga ega va Interpol a’zolari ularni qidirishi shartmas, ammo joyi ma’lum bo‘lgan taqdirda darhol ularni hisbga olishi kerak.
Prokoshev qidiruvga berilganidan hayratda ekanini bildirgan.
“Alal oqibat ish shu nuqtaga kelgan bo‘lsa, yukni biz Livanga emas, Mozambikka olib ketayotgan edik. Ular o‘zi kemani Bayrutda ushlab qolib, portdan chiqarib yubormadi”, degan dengizchi.
Grechushkin va Prokoshev 2020 yil oktyabrda Livanda sirttan hibsga olingandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 4 avgustda Livan poytaxti Bayrutda yirik portlash yuz bergandi. Mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bandargohning kuli ko‘kka sovurildi. Bandargohda bir necha yillardan beri saqlanib kelgan 2750 tonna ammiakli selitra portladi. Uning kuchi 3,3 balli zilzilaga teng bo‘ldi.
Fojia oqibatida bandargoh vayron bo‘lishidan tashqari, 200 nafarga yaqin odam halok bo‘ldi. 6 mingdan ortiq odam jarohatlandi. Shaharning yarmi portlashdan zarar ko‘rdi. 300 ming odam boshpanasiz qoldi. Moddiy zarar miqdori 15 mlrd dollarga baholandi.
LiveBarchasi