Bayroq ortidagi bitim: Nyu-York meri bilan “otamlashgan” o‘zbekistonlik kim?

Olam

image

AQSH Federal tergov byurosi (FTB) agentlari Nyu-York shahri meri Erik Adams va o‘zbekistonlik tadbirkor o‘rtasidagi yozishmalarni aniqladi. Unda Adams O‘zbekiston imijini ijobiy ko‘rsatish evaziga homiylik talab qilgani ko‘rsatilgan. “TheCity” nashri tergov tafsilotlarini ochiqladi.

Qayd etilishicha, merning e’tiborini qozonish maqsadida O‘zbekiston hukumati bilan yaqin aloqaga ega ekani aytilgan tadbirkor Tolib Mansurov Adamsning saylov kampaniyasi uchun noqonuniy mablag‘larni yashirin ravishda yig‘ishga harakat qilgan.

“Evaziga Adams shahar hokimiyatida mahalliy o‘zbek yetakchilari uchun tadbir o‘tkazgan, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarish marosimini tashkil etgan va qurilish departamenti bilan nizolarda Mansurovga yordam bergan”, deyiladi oshkor qilingan hujjatlarda.

Mansurov va uning ko‘rsatmalari

Tergov hujjatlariga ko‘ra, korrupsion sxemaning maqsadi – merlik instituti orqali O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini yaxshilash bo‘lgan.

“Mansurov O‘zbekiston hukumati bilan bog‘langan va Adamsga O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo fuqarolari nomidan ta’sir o‘tkazishga harakat qilgan”, deyiladi Manxetten federal prokurorlari tomonidan ilgari surilgan, ammo keyinchalik bekor qilingan ayblov hujjatlarida.

Ularning ta’kidlashicha, Mansurov Adams uchun mablag‘ to‘playotgan paytda BMTdagi O‘zbekiston missiyasi bilan doimiy aloqada bo‘lgan. U Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy yuridik shaxs bilan murakkab pul yuvish sxemasi orqali Bruklindagi ko‘chmas mulkni xarid qilish uchun millionlab dollar olgan. U AQSH va O‘zbekiston fuqaroligiga ega.

Mansurov hozircha jinoyatda ayblanmagan, ammo agar unga nisbatan ayblov qo‘yilsa, yengillik berilishi umidida tergovchilar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. Prokurorlar bilan suhbatda u pul yuvish ayblovini rad etgan, ammo Adams uchun o‘n minglab dollar mablag‘ to‘plaganini tan olgan.

Bir kuni mer undan navbatdagi saylov kampaniyasi uchun yana homiylik talab qilgan. Adams unga hayajon bilan shunday degan: “Sen har doim eng ishonchli odamimsan”.

Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston izlari

Bu voqea ilk bor o‘tgan yili kuzda Adamsga nisbatan qo‘zg‘atilgan federal ish doirasida ochilgan. Manxetten prokurorlari merning Turkiya hukumati foydasiga sayohat imtiyozlari va noqonuniy homiylik pullari evaziga yordam berganini da’vo qilgan.

Masalan, mer Turkiya konsulining shahar o‘rtasidagi ofis minorasiga oid yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq muammosini hal qilishga yordam bergan. Shuningdek, Turkiya rasmiylari iltimosiga binoan, Erdo‘g‘anga qarshi bo‘lgan mahalliy jamoa markazi bilan aloqani uzgan va armanlar genotsidi bo‘yicha “yubiley”da hech qanday bayonot bermagan.

Bu orada Xitoy diasporasi yetakchilari ham Adams uchun yuz minglab dollar to‘plagan.

Merning Osiyo diasporalari bilan aloqasiga mas’ul Vinni Grekoga qarashli uy o‘tgan yili FTB tomonidan tintuv qilingan. U Xitoy Bosh konsuli San Gosyan bilan bog‘liq tadbirlarni Adams uchun uyushtirgan.

“Ipak yo‘li” bo‘ylab yurish

“Mansurovning O‘zbekiston hukumati bilan aloqasi joriy oy boshida sud hujjatlari oshkor qilingach ma’lum bo‘ldi. Hujjatlarda u Nyu-Yorkdagi o‘zbek diasporasining taniqli vakili, O‘zbekiston rejimi bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxs sifatida ta’riflanadi”, deyiladi xabarda.

FTB agentlariga ko‘ra, Mansurov merlik idorasi bilan faol aloqalar o‘rnatgan: 2023 yilda Adamsning jamoaviy ishlarga mas’ul komissari Fred Kreysmanga 55 marta qo‘ng‘iroq qilgan.

Adams 2023 yil 2 sentyabr kuni Bruklindagi Bowling Green’da ilk bor O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan.

“O‘zbekiston, mustaqillik kuni bilan! Mer Erik Adams ilk bor bizning bayrog‘imizni Wall Street’da ko‘tardi! Bu Nyu-Yorkdagi o‘zbeklar uchun faxrli daqiqa”, deb yozgan Mansurov.

Adamsga “yordam”

Qayd etilishicha, Mansurov xorijdan millionlab dollar mablag‘ olgan. Uning Bruklinda ikkita firmasi bor. 2024 yil fevral oyida u ulardan biri orqali 13,5 million dollarga ko‘p qavatli uy sotib olgan.

Prokurorlarning aytishicha, bu bitim uchun Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan shirkat 2020 yil yanvarida uning hisobiga 11,7 million dollar o‘tkazgan. Bu mablag‘ pul yuvish sxemasi sifatida baholanmoqda.

Adams uchun mablag‘ yig‘ish 2020 yil dekabrda boshlangan. Merlikka nomzod Adams uchun kampaniya volontyori Muhammad Bahi Mansurovdan yordam so‘ragan. Xususan, Bahi Mansurovdan 10 ming dollar to‘plashni so‘ragan, ammo qonuniy cheklovlar tufayli to‘g‘ridan to‘g‘ri yirik homiylik qilish mumkin bo‘lmagan. Shunda Mansurov o‘zining United Elite Group kompaniyasidagi to‘rt ishchisi orqali har biri 2000 dollardan mablag‘ ajratgan va keyin ularga naqd pulda kompensatsiya bergan.

2023 yil iyun oyida Adams Mansurovga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilib, 2025 yilgi saylov kampaniyasi uchun yana mablag‘ so‘ragan. Mansurov, prokurorlarga ko‘ra, 1000 dollardan 10 ta homiylikni uyushtirgan.

Adams bilan yozishmalarda Mansurov Signal ilovasi orqali yozishni taklif qilgan, bu orqali xabarlar avtomatik o‘chiriladi. Adams bunga “Ok” deb javob bergan.
 
2024 yil may oyida, FTB Adamsning telefonlarini musodara qilganidan keyin, u yangi telefon orqali Mansurovga yozadi: “Menga katta yordam kerak.”

Merning aytishicha, davlat homiyligiga ariza topshirish uchun 250 dollardan 1000 dona kichik donat yig‘ishi kerak bo‘lgan. Hujjatlarda Mansurov bu iltimosni bajarganmi-yo‘qmi noma’lum. Lekin uning kompaniyasi moliyaviy direktori Oybek Shokirov o‘sha oyning o‘zida 250 dollar xayriya qilgan.

Keyinchalik Mansurov Adamsdan shaxsiy masalada yordam so‘ragan: Bruklindagi kondominiumni qurish bo‘yicha shahar qurilish idorasi (DOB) bilan muammosi bo‘lgan. Ish to‘xtatilgan.

“Qattiq bosim ostidaman. DOB dan meni himoya qila olmadingiz”, deya yozgan u notanish abonentga.

Ammo 2023 yil 5 fevralda u shaxsan Adams bilan bog‘langan.

“Yordam kerak. Hech qachon sizdan yoki boshqalardan yordam so‘ramaganman. Faqat siz yordam bera olasiz”, deb yozgan u.

Adamsning javobi: “Men bu ishni hal qilaman”.

Bir haftadan keyin DOB cheklovni olib tashlaydi.

“Yordamingiz uchun rahmat. Muammo qisman hal bo‘ldi. Men sizni doim qo‘llab-quvvatlayman”, deb yozadi Mansurov 14 fevral kuni Adamsga.

Tergov ochiqlagan asosiy yozishmalar shulardan iborat. Adamsga 2024 yil sentyabr oyida ayblov qo‘yilgan.

Joriy yil boshida prokurorlar Bahi soxta donorlar sxemasi bilan bog‘liq til biriktirish ayblovini tan olishga rozi bo‘lganini e’lon qilgan. Biroq shundan so‘ng, Tramp ma’muriyati boshchiligidagi Adliya vazirligi Adamsga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilishga harakat qildi. Bunga asos sifatida sud jarayoni shahar hokimiga AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining noqonuniy immigratsiyaga qarshi siyosatini amalga oshirishda xalal berayotganini va Adamsning saylovoldi kampaniyasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatgan. Nyu-York meri saylovi 2025 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadi. Hozirga qadar esa Bahi rasmiy ravishda hech qanday ayblovni tan olmagan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Nyu-York shtatining janubiy okrugi sudi Erik Adamsga nisbatan korrupsiya ishini yopgani xabar qilingandi. Sudya Deyl Xo ishni qayta ochish huquqisiz to‘xtatgan. O‘z xulosasida sudya sud organlarining ayblov tomonidan jarayonni davom ettirishni talab qilish vakolati yo‘qligini qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

N'yu-York Erik Adams Tolib Mansurov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing