Bayrog‘i O‘zbekiston bayrog‘iga o‘xshash o‘lkaning sobiq prezidenti davlatga xiyonatda ayblanmoqda
Olam
−
04 yanvar
16452Serra-Leonening sobiq prezidenti Ernest Bay Koroma davlatga xiyonat qilishda ayblanmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
2023 yilning noyabr oyida qurollangan shaxslar poytaxt Fritaundagi harbiy qurol-yarog‘ ombori va bir nechta qamoqxonaga bostirib kirib, 2000 ga yaqin mahbusni ozod qilgan.
Sobiq Prezident hujumlar sodir bo‘lganidan ko‘p o‘tmay bayonot berib, ularni qoraladi va 20 ga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lgan bu voqeaga aloqadorligini rad etdi.
Koroma davlat to‘ntarishi bo‘yicha so‘roq qilinganidan beri uy qamog‘ida saqlanmoqda.
U 2018 yilgacha amaldagi Prezident Julius Maada Bio saylangungacha 11 yil prezidentlik qilgan.
Ayni paytda noyabr oyidagi teraktlarga aloqadorlikda gumonlanib, 50 dan ortiq odam hibsga olingan, ular orasida Koromaning qizi Dankay Koroma ham bor.
2 yanvar, seshanba kuni muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishiga aloqador yana 12 kishi, jumladan, sobiq politsiya va axloq tuzatish ishlari xodimlari hamda Koromaning sobiq xavfsizlik xizmati xodimi ham davlatga xiyonatda ayblanib, qo‘lga olingan.
Ma’lumot o‘rnida, davlat to‘ntarishiga urinish munozarali saylovlardan besh oy o‘tib sodir bo‘ldi. 2023 yil iyun oyida Julius Maada Bioning ikkinchi muddatga saylanishi Koromaning "Butun xalq kongressi" partiyasi tomonidan rad etildi. Garchi allaqachon nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, Koroma o‘z partiyasining nufuzli a’zosi bo‘lib qolmoqda va uning Bio bilan munosabatlari keskinlashgan. Bunga Koromaning hokimiyatdagi o‘n yilligi davomida korrupsiyaga qo‘l urganini tekshirish uchun tuzilgan komissiya sabab bo‘lgan.
Oliy sud sobiq prezidentni garov asosida qo‘yib yuborgan bo‘lsa-da, hozirda u poytaxtdagi uyida saqlanmoqda. Ish 17 yanvarga qoldirilgan.
Serra-Leonening Jinoiy kodeksiga ko‘ra, davlatga xiyonatda aybdor deb topilgan shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning aprel oyida Serra-Leone Respublikasi O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan edi.
LiveBarchasi