Bayram bayramdek bo‘lsin! Ayrim “staj”i bor jurnalistlar moddiy rag‘batlantiriladi
Jamiyat
−
27 iyun 2022
5827Endi ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarini xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlarning malakasini oshirish va jurnalistlarning xorijiy tillarni o‘rganishini rag‘batlantirish maqsadida 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilarning mualliflik ko‘rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi.
Ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida dars berayotgan, O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish huquqi beriladi.
Jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bunda, ular xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi hamda nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.
Xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinadi. Bunda, ushbu “d” kichik bandda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.