Qirg‘izistonda bir guruh mustaqil jurnalistlarga hukm o‘qildi
Olam
−
10 Oktabr
5642Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrining Lenin tuman sudida “Temirov live”ning sobiq va hozirgi xodimlariga nisbatan hukm chiqarildi. Ular ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilishda ayblanayotgan edi. Bu haqda “Kaktus media” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Ayke Beyshekeyeva va Aktilek Kaparov uch yilga shartli ravishda jazoga hukm qilingan. Azamat Ishembekov esa 5 yilga qamalgan. “Temirov Live” asoschisi Bolot Temirovning xotini Maxabat Tajibek qizi esa 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bolot Temirov juftlikning farzandi bolalar uyiga topshirilganini ma’lum qilgan.
Nashrga ko‘ra, sud bolaning vasiylik organlariga topshirilishini belgilagan. Lekin, ularning advokati hozircha bola mehribonlik uyiga yuborilmasligini, chunki u buvisi qaramog‘idaligi va bola uchun barcha sharoitlar yaratilganini ma’lum qilgan.
Qolgan ayblanuvchilar oqlangan: Tinistan Asipbekov, Saypidin Sultanaliyev, Maqsad Tajibek uulu, Joodar Buzumov, Saparbek Akunbekov, Aqil Orozaliyev va Jumabek Turdaliyev.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 yanvar kuni “Temirov Live” va “Ayt ayt dese” loyihalari bilan bog‘liq 11 jurnalistning uylarida tintuvlar o‘tkazilgan. Ushbu ishda davlat organlarini obro‘sizlantiruvchi ma’lumotlar tarqatilgani va bu ommaviy tartibsizliklarga olib kelishi mumkinligi aytilgan.
Ekspertiza natijalariga ko‘ra, Maxabat Tajibek qizining murojaatida davlat organlarini obro‘sizlantirish orqali namoyishlar va ommaviy tartibsizliklarga chaqiruv mavjudligi aniqlangan.
Sud jinoiy ishni Jinoyat kodeksining 278-moddasining 3-qismi bo‘yicha (hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol itoatsizlik va ommaviy tartibsizliklarga chaqiruvlar, shuningdek fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka da’vat) ko‘rib chiqqan.
Bolot Temirov bu jarayonning asl sababi jurnalistlar tomonidan Ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekovning mulklari va biznesi bo‘yicha olib borilgan tergov ekanligini ta’kidlagan. Huquqshunoslar ekspertiza natijalariga shubha bildirgan va 278-moddaning qo‘llanilishi boshqa jurnalistlar, huquq himoyachilari va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarga bosim o‘tkazish maqsadida amalga oshirilganini taxmin qilmoqda.
Bolot Temirov BMTga ham murojaat qilib, Qirg‘iziston hukumatining uning huquqlarini buzayotganini ham ma’lum qilgan. Loyiha asoschisi Qirg‘izistondan tashqarida istiqomat qiladi.
LiveBarchasi