“Bayraktar” muallifi Rossiyadan yuz o‘girib, Ukrainani qo‘llashini aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Turkiyaning "Baykar Makina" kompaniyasi hech qachon Rossiyaga o‘zining jangovar uchuvchisiz samolyotlarini yetkazib bermagan va bundan keyin ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda kecha, 18 iyul kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida kompaniya bosh direktori Haluk Bayroqdor ma’lum qildi. 

"Biz ularga hech narsa yetkazib bermadik yoki ta’minot bo‘lmadi. Shuningdek (kelajakda) ham bunday niyatimiz yo‘q. Chunki biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz", deydi kompaniya bosh direktori. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning Kiyev bilan aloqalari “strategik darajada”, xususan, mudofaa va aerokosmik sanoatda. Turkiya Ukrainani dronlar bilan qo‘llab-quvvatlaydi va o‘zi u yerdagi qurilmalari uchun dvigatellar sotib oladi. Shu tariqa munosabatlar har ikki davlat uchun ham manfaatli bo‘ladi. 

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Turkiya nafaqat o‘z qurolli kuchlari ehtiyojlarini qondirish, balki eksport uchun ham jangovar uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ayni paytda Turkiyaning “Bayraktar TB-2” uchuvchisiz uchoqlarini oltita davlat ishlatmoqda: Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha va Ukraina. Bunday turdagi dronlardan Tog‘li Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor oilasiga tegishli “Baykar Makina” kompaniyasi o‘tgan oy Ukrainaga 3 ta Bayraktar TB2 uchuvchisiz havo kemalarini sovg‘a qildi. 

Joriy yilning 22 iyun kuni ukrainalik teleboshlovchi va aktyor Sergey Pritula ijtimoiy tarmoqlar orqali ukrain xalqiga murojaat qilib, mamlakat mudofaasiga hissa qo‘shish maqsadida "Bayraktar TB2" harbiy dronlarini sotib olish uchun xayriya aksiyasi tashkil etilganini e’lon qilgan edi. Uch kun ichida ushbu xayriyaga minglab odamlar qo‘shilib, 600 million grivna (20 million AQSH dollari) mablag‘ yig‘ildi. 

Ukrainaliklarning hamjihatligidan quvongan Selchuk Bayroqdor esa "Bayraktar TB2" dronlarini Kiyevga beg‘araz taqdim etishini ma’lum qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Bayraktar

Baholaganlar

477

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing