Baydenning o‘g‘li rossiyalik va qozog‘istonlik oligarxlardan pul olgani aniqlandi
Olam
−
10 avgust 2023
10071AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden rossiyalik, qozog‘istonlik hamda ukrainalik tadbirkorlardan pul olgani aniqlandi. Bu haqda “Fox News” AQSH Kongressi Vakillar palatasi nazorat qo‘mitasi rahbari, kongressmen Jeyms Komerga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Xanter Bayden Ukrainaning Burisma Holdings energetika kompaniyasi rahbari Nikolay Zlochevskiy, rossiyalik tadbirkor Yelena Baturina va qozog‘istonlik tadbirkor Kenes Rakishevdan ko‘p million dollarlik o‘tkazmalarni olgan.
Baturina xonimdan 3,5 million dollar Hanter Bayden va uning biznes sherigi Devon Archerning Rosemont Seneca Thornton shirkati hisobiga o‘tgan. Shundan 1 million dollari keyinchalik janob Archerning shaxsiy hisobiga o‘tkazilgan. Shuningdek, 2,5 million dollar Rosemont Seneca Bohai'ni moliyalashtirish uchun yuborilgan.
Memorandumga ko‘ra, ushbu kompaniya xorijiy manbalardan pul olish uchun tashkil qilingan.
Hujjatda aytilishicha, 2014 yilning bahorida Ukraina sobiq ekologiya va tabiiy resurslar vaziri va mamlakatning eng yirik gaz kompaniyasi Burisma Holdings prezidenti Nikolay Zlochevskiy Devon Archer va Xanter Bayden hisobiga 1 million dollar o‘tkazgan.
Bundan tashqari, memorandumda 2014 yilning bahorida qozog‘istonlik tadbirkor Kenes Rakishev Rosemont Seneca Bohai hisobiga 142,3 ming dollar o‘tkazgani, ertasi kuni esa Xanter Bayden ham xuddi shunday summaga sport avtomobili sotib olgani aytiladi.
Qayd etilishicha, Jo Bayden vitse-prezidentligi davrida uning o‘g‘li Xanter va uning biznes hamkorlari xorijiy hamkorlardan 20 million dollardan ortiq mablag‘ olgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Baydenlar oilasi a’zolari – Xanter, Jeyms va Xalle Baydenlar hamda ularning kompaniyalari 2015 yildan 2017 yilgacha Xitoyning State Energy HK Limited kompaniyasidan 1,3 million dollar pul olgani aniqlangan.
LiveBarchasi