Baydenning o‘g‘li oilasidan ajrashgani, giyohvandlik va alkogolga ruju qo‘yganini oshkor qildi
Olam
−
01 aprel 2021
8326AQSH Prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Ukrainaning “Burisma” energetika kompaniyasidan ishlab topgan pulini alkogol va giyohvand moddalarga sarf qilganini tan oldi. Bu haqda u o‘zining "Chiroyli narsalar" (Beautiful Things) memuarida yozgan.
Kitob joriy yilning 6 aprel kuni omma e’tiboriga havola etiladi.
Xabarga ko‘ra, Xanter Bayden Ukraina kompaniyasidan ishlab topgan pullari uning giyohvandlik va alkogolga qaramligi kuchayishiga hissa qo‘shganini, bu esa uning oilasi va karerasi bilan munosabatlarini buzganini aytgan.
Amerika yetakchisining o‘g‘li o‘z xotiralarida 2015 yili akasi Bo Bayden vafot etganidan so‘ng, giyohvandlik bilan kurash olib borgani haqida hikoya qilgan.
“So‘nggi besh yilda yigirma yil davom etgan nikohim buzildi, peshonamga to‘pponcha tiraldi, bir kechaga 59 dollardan to‘lab, motellarda yashadim, o‘zimdan ham ko‘ra, oilamni qo‘rqitdim”, deb yozgan Xanter Bayden.
“Agar imkoniyatim bo‘lganida, Ukraina kompaniyasida ish boshlamagan bo‘lardim”, deya ta’kidlagan Prezidentning o‘g‘li.
U Jo Baydenning siyosiy faoliyati unga ish topishda yordam berganini tan olgan, ammo na o‘zi va na otasi, ayniqsa, “Burisma” kompaniyasi bilan bog‘liq noqonuniy ish qilmaganiga ishontirgan.
AQSHning 44-Prezidenti Barak Obama ma’muriyatida vitse-prezident bo‘lib ishlagan Baydenga aslida Ukrainaga nisbatan siyosatni nazorat qilish ishonib topshirilgan edi. 2015 yil oxirida u "ming soatdan ko‘proq vaqt davomida" o‘sha paytda Ukraina rahbari bo‘lgan Pyotr Poroshenko bilan telefon orqali suhbatlashganini ta’kidladi.
Saylovlar poygasi davomida demokrat Ukraina bilan bog‘liq mojaroda ayblanuvchiga aylandi. Uning siyosiy raqiblari Bayden vitse-prezident sifatida Ukrainaning “Burisma” energetika kompaniyasi ustidan tergov boshlagan Bosh prokuror Viktor Shokinni ishdan bo‘shatishga chaqirganiga e’tibor qaratdi. 2014 yilda Baydenning o‘g‘li Xanter kompaniyaning direktorlar kengashiga qo‘shilgandi. Oxir-oqibat Shokin ishdan bo‘shatilgan va tergov to‘xtatilgan.
Respublikachilar “Burisma”da Xanter Baydenga garchi uning neft va gaz sohasida tajribasi bo‘lmagan bo‘lsa ham, oyiga 50 ming dollargacha maosh to‘langanini ta’kidlagan.
Bu Baydenning o‘zi va o‘g‘lini Ukrainadagi korrupsiya sxemalarida ishtirok etganlikda ayblashlariga sabab bo‘lgan. Ularning o‘zi buni inkor qilmoqda.
LiveBarchasi