Bayden o‘g‘li Xanterni afv etdi
Olam
−
08:54
5263AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘g‘li Xanter Baydenni rasman afv etdi. Bu haqda davlat rahbarining kecha, 1 dekabr kuni kechqurun Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotida ma’lum qilindi.
"Xanter bilan bog‘liq faktlarni o‘rganadigan hech qanday aqlli odam bundan boshqa xulosaga kela olmadi: Xanterni faqat mening o‘g‘lim bo‘lgani uchun ajratib olishdi – bu noto‘g‘ri", deydi Prezident.
Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror hafta oxirida oila Shukronalik kunini birga o‘tkazgandan so‘ng qabul qilingan. Prezident qarorini quyidagicha izohladi:
"Men huquq tizimiga ishonaman, lekin men yana shunga ham ishonamanki, xom siyosat bu jarayonga zarar yetkazdi va adolatsizlikka olib keldi", deydi u.
"Reuters"ning yozishicha, Bayden prezidentligi davrida uning kenja o‘g‘li respublikachilarning nishoniga aylangan. Oq uy rahbari “amerikaliklar ota va prezident nima uchun bunday qarorga kelganini tushunishadi”, degan umidda.
Jo Bayden o‘g‘lining huquqiy muammolari tufayli vaziyatga aralashmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Sentyabr oyida Oq uy Amerika rahbari o‘z o‘g‘lini afv etish niyatida emasligini takrorlagandi.
Oq uyning amaldagi rahbarining prezidentlik vakolatlari 2025 yil 20 yanvarda uning o‘rniga yangi saylangan Donald Tramp kelishi bilan tugaydi.
54 yoshli Xanter Baydenga nisbatan tergov 2018 yildan beri davom etmoqda. 2023 yilda u soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik va noqonuniy qurol saqlash aybini tan olishga rozi bo‘lgan. Sudgacha bo‘lgan kelishuv unga haqiqiy jazodan qochishga yordam berishi kerak edi.
O‘sha yilning iyul oyida ayblov kelishuvida "nostandart shartlar" borligi va Baydenga tergov davom etayotgan epizodlarda immunitet berishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Keyin Xanter Bayden o‘z aybini tan oldi.
Xanter Bayden 2023 yil dekabrida ayblangan. Prokuror Devid Vays tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, kichik Bayden 2016 yildan 2019 yilgacha kamida 1,4 million dollar soliq to‘lamagan.
"Soliq to‘lash o‘rniga, sudlanuvchi millionlab dollarlarni ekstravagant turmush tarziga sarflagan", deyiladi hujjatda.
Kichik Bayden o‘tgan iyun oyida qurol saqlash ayblovi bilan aybdor deb topilgan edi.
Delaverdagi hakamlar hay’ati u 2018 yilda revolver sotib olayotganda giyohvand moddalarni iste’mol qilmaslik haqida yolg‘on gapirganini aniqladi. Bu holatda u 25 yilgacha qamoq jazosi va 750 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin. Sentyabr oyida Xanter Bayden to‘qqizta ayblovning barchasi bo‘yicha o‘z aybini tan oldi.
LiveBarchasi