Baydenning po‘pisasi Isroilni xavotirga solyapti – “Axios”
Olam
−
09 may
14212AQSHning Isroilga o‘q-dorilarni yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi qarori Tel-Avivning HAMAS bilan garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralariga yomon ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda "Axios" portali Isroilning ikki yuqori martabali rasmiysiga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vashington o‘tgan haftada G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga hujum uyushtirish rejalari tufayli o‘q-dorilar yetkazib berishni to‘xtatganini xabar qildi. Jumladan, Rafahga zarba berishda qo‘llanilishi mumkinligidan qo‘rqib, 2000 funtlik bombalarini jo‘natmagan.
Bundan tashqari, Pentagon rahbari Lloyd Ostin Senatning mablag‘lar bo‘yicha qo‘mitasi Qo‘shma Shtatlar “og‘ir sig‘imli o‘q-dorilar” yetkazib berishni to‘xtatgani va Isroilga qisqa muddatli harbiy yordam ko‘rsatish masalasini ham ko‘rib chiqayotganini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy amaliyot boshlasa, unga ayrim turdagi qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgandi.
Shu bilan birga, u Qo‘shma Shtatlar Isroilga mudofaa qobiliyatini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan "Temir gumbaz" havo mudofaa tizimi uchun snaryadlarni yetkazib berishda davom etishiga ishontirgan.
"Isroil xavfsizligini ta’minlashdan bosh tortmaymiz, ammo uning hududlarda (masalan, Rafahda) urush olib borish qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashni istamaymiz", degan Jo Bayden.
LiveBarchasi