Baydenning oilasi uni nomzodlikdan voz kechishga ko‘ndirishi mumkin — OAV
Olam
−
30 iyun
6413AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Baydenning rafiqasi, singlisi, do‘sti va bir nechta maslahatchilari uni noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida o‘z nomzodini olib tashlashga rozi qilishi mumkin. Bu haqda Amerikaning “Axios” nashri xabar berdi.
“Agar Bayden to‘xtashi kerak deb hisoblansa, uning ikkinchi muddatga prezidentlikka nomzod bo‘lishi bilan bog‘liq vaziyatga atrofidagi bir nechta odam ta’sir qilishi mumkin”, deb yozadi nashr.
Jurnalistlarning fikriga ko‘ra, bu doiraga birinchi xonim Jill Bayden, prezidentning singlisi Valeri Bayden, uzoq yillik do‘sti va doimiy maslahatchisi Ted Kaufman, shuningdek, Oq uy maslahatchilarining kichik guruhi kiradi.
“Bu o‘nlab yillar davomida mavjud bo‘lgan oshxona kabineti, oqsoqollar kengashi va hukmron oligarxiya katta bir oila kabi ishlaydi. Faqat shu odamlar Baydenning shaxsiy hayoti va prezidentligidagi katta va kichik qarorlarga ta’sir qiladi”, deb yozadi nashr Oq uy rahbariga yaqin manbalarga tayanib.
Nashrga ko‘ra, Jo Bayden ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishga yakka o‘zi qaror qildi. Chunki u va uning sheriklari vitse-prezident Kamola Harrisga qaraganda, Oq uy rahbarida Donald Trampni mag‘lub etish imkoniyati ko‘proq, deb hisoblaydilar. Biroq, Demokratik partiya rahbarlari Baydenga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashqi kuchlar qatoriga kiradi.
Baydenning o‘rniga boshqa nomzod bo‘lishi mumkinligi haqida munozaralar boshlandi. Ayni paytda Demokratik partiya avgust oyida bo‘lib o‘tadigan qurultoygacha boshqa nomzod ko‘rsata oladimi, degan savol tug‘ilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bayden yosh bo‘lmasa ham prezidentlik vazifasini bajara olishini bildirdi. Shuningdek, AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris demokratlarning saylovoldi birinchi bahsidan keyin Oq uy rahbari Jo Baydenning yomon ishlashi haqidagi xavotirlarini yo‘q qilishga uringani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi