Baydenning Kiyevga safari sahnalashtirilganmidi?
Olam
−
22 fevral 2023
15837AQSH Prezidenti Jo Baydenning Kiyevga tashrifi sahnalashtirilgan va u Ukrainaga hech qanday foyda keltirmaydi. Bu fikrni kecha, 21 fevral kuni AQSH armiyasining iste’fodagi podpolkovnigi Deniyel Devis “Fox News” telekanaliga bildirdi.
Qayd etilishicha, Baydenning 20 fevral kuni Kiyevga havo hujumi sirenalari ostida tashrif buyurgani ukrainaliklarni hayratga solmagan. Shuning uchun ham iste’fodagi podpolkovnik bu sirenalar atayin ishlatilgan bo‘lishi mumkin deb taxmin qilgan.
“Shubha yo‘qki, xavf haqiqatdan bor edi. Lekin menga bir narsa qiziq – agar u yerda amerikalik askarlar bo‘lmasa, nega bunday tavakkal qilish kerak bo‘ldi? Chunki agar biror narsa bo‘lganda, bu Rossiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi potensial urushni anglatardi. U yerda esa bunday xavfga arziydigan hech narsa yo‘q edi”, degan Deniyel Devis.
Podpolkovnikning AQSH rahbari Kiyevda bo‘lgan vaqtida havodan uzatilgan sirenani sahnalashtirilgan harakat deb hisoblashiga Oq uy rossiyaliklarni oldindan ogohlantirgani ham sabab bo‘lgan. Ukrainaliklar rossiyaliklar hujum qilmasligini, hech qanday reyd bo‘lmasligini bilgan, shuning uchun ham sirena ovozi eshitilganda hech kim hayron bo‘lmagan.
“Bu Baydenning sayohati hech narsani o‘zgartirmaydi. Biz ularga baribir ular xohlagan narsani beramiz. Demak, bu Ukrainaga aniq foyda keltirmagan sahnalashtirilgan tadbirga o‘xshaydi”, deydi Devis.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden 20 fevral kuni Kiyevga kutilmagan tashrifni amalga oshirgan va Ukraina rahbari Zelenskiy bilan ko‘rishgan edi. AQSH ma’muriyati Rossiyani Prezident Jo Baydenning Kiyevga safari haqida u Amerika poytaxtidan ketishidan bir necha soat oldin xabardor qilgan. Amerika Prezidenti bilan Ukrainaga faqat bir nechta eng yaqin yordamchilari, tibbiyot xodimlari va qo‘riqchilar borgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi