Bayden Ukraina Rossiyani yengishini imkonsiz qildi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zidan oldingi prezident Jo Baydenni Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushda “g‘alaba qozonish imkoniyati” yo‘qligida aybladi, chunki Bayden Kiyevga intervensiya qiluvchi davlatga hujum qilishga ruxsat bermadi. Bu haqda u kecha, 21 avgust kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“Bosqinchi mamlakatga hujum qilmasdan urushda g‘alaba qozonish juda qiyin, hatto imkonsizdir. Go‘yo fantastik himoyaga ega bo‘lgan ajoyib sport jamoasiga hujumga o‘tishga ruxsat berilmagandek. G‘alaba qozonish imkoniyati yo‘q! Ukraina va Rossiya bilan ham xuddi shunday. Insofsiz va o‘ta qobiliyatsiz Jo Bayden Ukrainaga qarshi kurashishga ruxsat bermadi, faqat o‘zini himoya qilishga ruxsat berdi”, dedi Tramp.

Agressiv harbiy harakatlar kursini sport jamoalari taktikasi bilan solishtirgandan so‘ng, Amerika rahbari “buning oqibati nima bo‘ldi?” degan savolni o‘rtaga tashlagan. Tramp javob bermay, agar u Prezident bo‘lganida bu urush “hech qachon bo‘lmasdi” degan iborani takrorladi.

“Qiziq davrlar hali oldinda”, deya postini yakunlagan Donald Tramp.

Qayd etish joiz, 2024 yil 25 noyabrda, Jo Bayden AQSH prezidenti bo‘lganida, Oq uy birinchi marta Ukrainaning AQSH tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali ATACMS ballistik-taktik raketalaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni yumshatganini ochiq tan oldi.

“Endi ular (Ukraina tomoni) favqulodda vaziyatlarda o‘zini himoya qilish uchun ATACMS'dan foydalanishi mumkin. Va hozir – aniq sabablarga ko‘ra – bu Kursk viloyatining Kursk tumanida sodir bo‘lmoqda”, degandi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining o‘sha paytdagi strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.

Bungacha AQSH Kiyevga Rossiya hududiga zarba berish uchun ular taqdim etgan raketalardan foydalanishni taqiqlagan edi.

O‘z navbatida, Donald Tramp 2025 yilning yanvar oyi oxirida hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, Bayden davrida bo‘lgani kabi Ukrainaga qurol-yarog‘larni tekinga berish o‘rniga sotishni boshladi. Shu bilan birga, Tramp davrida Ukraina oladigan raketalar yoki boshqa turdagi hujumkor qurollar soni ko‘paymagan.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy joriy yil 23 iyul kuni chop etilgan “The Washington Post” gazetasiga bergan intervyusiga AQSH va Yevropa davlatlaridan Kiyevga Rossiya harbiy ob’ektlariga uzoq masofadan zarbalar berishni taqiqlamasdan, ko‘proq havo hujumidan mudofaa tizimlari va turli raketalarni yuborilishi kerakligini aytgan.

Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘rta va uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalarni qo‘llash bo‘yicha cheklovlarsiz qo‘shimcha yetkazib berish, jumladan, Amerikaning  ATACMS va Germaniyaning TAURUS tizimlari Kiyevga Rossiya Federatsiyasida raketalar va uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqaruvchi infratuzilmaga zarba berish orqali Rossiya qurollari ishlab chiqarishni sekinlashtirish imkonini beradi.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Ukrainada zaxirada qolgan ATACMS raketalari bor-yo‘qligi haqida izoh berishdan bosh tortdi, “The Washington Post” nashrining yozishicha, ular tugashi mumkin. Bundan tashqari, Sirskiyning aytishicha, Ukrainada 155 millimetrli artilleriya snaryadlari va zirhli transport vositalari yetishmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing