Bayden Suriyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi
Olam
−
10 may 2022
5029AQSH Prezidenti Jo Bayden Suriyaga qarshi bir tomonlama sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy xabar bergan.
Gap 2004 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan davrda Vashington tomonidan Damashqqa qarshi izchil joriy qilingan turli cheklovchi choralarni kuchda saqlash haqida bormoqda. Bu cheklovlar, xususan, AQSH yurisdiksiyasi ostidagi ayrim jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini blokirovka qilishni, shuningdek, Amerika tovarlari va xizmatlarining ayrim toifalarini Suriyaga eksport qilishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Hujjatga ko‘ra, Suriya rejimining harakatlari “AQSH milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va iqtisodiyotiga” tahdid soladi. Ta’kidlanishicha, shu munosabat bilan 2004 yil 11 mayda favqulodda holat e’lon qilingan va bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar 2022 yil 11 maydan keyin ham amal qilishi kerak.
“Shuning uchun Suriya hukumati harakatlari tufayli e’lon qilingan favqulodda holatni bir yilga uzaytiraman”, degan Bayden.
AQSH ma’muriyatiga ko‘ra, Suriya rahbariyati “zo‘ravonlik va inson huquqlari buzilishiga” yo‘l qo‘ymoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar Suriya hukumati va ularning tarafdorlarini “o‘z xalqiga qarshi shafqatsiz urushni to‘xtatishga, butun mamlakat bo‘ylab o‘t ochishni bekor qilishga, barcha muhtoj suriyaliklarga gumanitar yordamning to‘siqsiz yetkazilishini ta’minlashga va Suriyada siyosiy kelishuvni muhokama qilishga chaqiradi.”
Hujjatda, shuningdek, “Qo‘shma Shtatlar Suriya hukumati siyosati va harakatlaridagi o‘zgarishlarni bundan buyon ham amaldagi bir tomonlama sanksiyalar rejimini saqlab qolish-qolmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilishda e’tiborga olishi” aytiladi.
LiveBarchasi