Bayden Rossiyaga qarshi ikki qonunni imzoladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 8 aprel kuni Kongress tomonidan ilgari ma’qullangan Rossiya Federatsiyasi va Belarus bilan normal savdo aloqalarini to‘xtatish, shuningdek, Ukrainadagi harbiy operatsiya munosabati bilan Rossiyadan energiya importini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihalarini imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Mart oyida Bayden Rossiyadan energiya resurslar importini taqiqlovchi farmonni imzolagan edi. Kongress tomonidan qabul qilingan qonun loyihasi, aslida, bu chorani kodlashtiradi.

Bayden, shuningdek, avvalroq AQSH va uning Shimoliy Atlantika alyansidagi ittifoqchilari Rossiya bilan normal savdo munosabatlari rejimidan chiqish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlarning har biri Rossiyani eng imtiyozli davlat rejimi a’zosi maqomidan mahrum qilish choralarini ko‘rmoqchi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlarda ushbu maqomdan mahrum qilish uchun qonun chiqaruvchilarning roziligi talab qilinadi.

Oddiy savdo munosabatlarining to‘xtatilishi Rossiya va Belarus importi Amerika bozorida “eng imtiyozli davlat” rejimi yo‘qotilishini anglatadi. Rossiya Federatsiyasi va Belarusga nisbatan ushbu rejimning to‘xtatilishi AQSH ma’muriyatiga Rossiya va Belarus tovarlari uchun Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lgan boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqoriroq bojlarni belgilash imkonini beradi. Ushbu vakolatlar 2024 yil 1 yanvargacha amal qiladi. Shu bilan birga, avvalroq tushuntirish hujjatlarida qayd etilganidek, agar bu davlatlar Ukrainaga qarshi agressiv harakatlarini to‘xtatsa, shuningdek, boshqa muayyan shartlar bajarsa, AQSH Prezidenti Rossiya va Belarus bilan normal savdo aloqalarini tiklash imkoniyatiga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

470

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing