Bayden Putinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklamadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabriklab, telegramma yubormadi. Bu haqda RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Baydendan telegramma ko‘rmadim, yo‘q”, degan Peskov jurnalistlarning shu mavzu yuzasidan berilgan savoliga javoban.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy yetakchisi Si Szinpin 6 oktyabrdayoq tabrik telegrammasini yuborgan.

“Si Szinpindan telegramma bor. U, hatto, bir kun avval keldi”, degan Peskov.

Prezident matbuot kotibi Putin telefon orqali ham xorijiy davlatlar rahbarlaridan qutlovlar olayotganini qo‘shimcha qilgan.

“Har bir suhbat, tabiiyki, faqatgina tabrik bilan chegaralanib qolmaydi. Bu suhbatlar seriyasi tabrikdan tashqari, ikki tomonlama aloqalar muhokamasini ham o‘z ichiga oladi”, degan Peskov.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin allaqachon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev va Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko bilan muloqot qilgan.

Shuningdek, Rossiya rahbari Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan suhbatlashgan.

Putin Yaponiyaning yangi saylangan Bosh vaziri Fumio Kishida bilan muloqot qilib, o‘zaro tabrik almashgan.

“Tabiiyki, Prezident yaponiyalik hamkasbini bunday mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi”, degan Peskov.

Qayd etish kerakki, AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp ham Vladimir Putinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklamagan. O‘z navbatida Putin ham AQSH rahbarini tavallud kuni tabriklamagan.

Ma’lumot uchun, Putin kecha, 7 oktyabr kuni 69 yoshni qarshiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin

Baholaganlar

214

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing