Bayden birinchi bo‘lib Putinga qo‘ng‘iroq qildi
Olam
−
27 yanvar 2021
14864Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Jo Bayden ilk marta telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
Suhbat chog‘ida Vladimir Putin Jozef Baydenni AQSH Prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabriklagan. U Rossiya va AQSH munosabatlarining normallashuvi har ikki davlat manfaatiga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Rossiya va AQSH yetakchilari muloqot davomida Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilganidan mamnun ekanliklarini bildirganlar. Bundan tashqari, Prezdentlar AQSHning Ochiq osmon shartnomasidan chiqishi, Eron yadro dasturi muammosi, Ukrainadagi vaziyat hamda Rossiya tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari sammitini o‘tkazishni muhokama qilgan.
Oq uy suhbat o‘tkazilganini tasdiqlagan. Ammo Amerika tomoniga ko‘ra, muloqot vaqtida Bayden Rossiya rahbariyatining faoliyati, jumladan muxolifatchi Aleksey Navalniyning hibsga olinishidan xavotirda ekanini bildirgan.
“U kunning ikkinchi yarmida Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnomani 5 yilga uzaytirish, hamon davom etayotgan Rossiya tajovuzi qarshisida Ukraina suverenitetini qat’iy qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanimizni bildirish, shuningdek, xavotir uyg‘otayotgan SolarWinds`ning buzib kirilishi, Afg‘onistondagi AQSH askarlari uchun mukofot va’da qilayotgan rossiyaliklar, 2020 yildagi saylovlarga aralashish, Aleksey Navalniyning qo‘lga olinishi va namoyishchilarga bo‘layotgn munosabatni muhokama qilish uchun Prezident Putinga qo‘ng‘iroq qildi”, degan AQSH Prezidenti Matbuot kotibi Jen Psaki.
LiveBarchasi