Bayden prezidentlikdan ketganidan keyin ilk bor omma oldida chiqish qildi
Olam
−
16 aprel
7146Kecha, 15 aprel kuni AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden lavozimini tark etganidan beri ilk bor omma oldida nutq so‘zlab, amaldagi Prezident Donald Trampni keskin tanqid qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanalning qayd etishicha, Bayden Chikagoda AQSHning nogironlar, yuristlar va maslahatchilar milliy konferensiyasida (ACRD) so‘zga chiqqan. Bayden o‘z nutqida Donald Trampning ismini tilga olmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy ta’minot boshqarmasidagi qisqartirishlar va o‘zgarishlardan noroziligini bildirgan.
“Hozir nima bo‘layotganiga qarang. Yangi ma’muriyat atigi 100 kun ichida shuncha zarar yetkazdi, shuncha narsa buzildi. Bu qanday tez sodir bo‘layotgani odamni hayratga soladi”, deydi Bayden.
Uning aytishicha, yangi Prezident hokimiyatga kelganidan beri dastlabki uch oy ichida ijtimoiy sohada 7 ming kishi ishdan bo‘shatilgan.
Bayden federal ish o‘rinlari va xarajatlarni qisqartirish kampaniyasini olib borayotgan shaxsni (ayniqsa Ilon Maskni) bevosita tilga olmagan holda, yangi ma’muriyatdagi “texnologik startaplar” madaniyatini tanqid qilgan.
“O‘zingizdan so‘rashingiz kerak: nega bu sodir bo‘lyapti? Nega ular endi ijtimoiy ta’minot tizimiga yopishib olishgan? Ular uni yo‘q qilmoqchi, so‘ng esa talamoqchi. Ular nima uchun uni talamoqchi? Chunki milliarderlarga va yirik korporatsiyalarga ulkan soliq imtiyozlarini berishmoqchi, ularni qo‘llab-quvvatlamoqchi”, degan sobiq prezident.
Shunga qaramay, Bayden nutqida birlashishga chaqirib, mamlakat hech qachon bugungidek ikki qutbli bo‘lmaganini ta’kidlagan.
“Biz hozirgidek bo‘lingan xalq sifatida davom eta olmaymiz. Men bu ish bilan uzoq yillardan beri shug‘ullanaman, lekin hech qachon bunchalik chuqur bo‘linishni ko‘rmaganman”, degan Bayden.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Baydenning bu chiqishi demokratlar butun mamlakat bo‘ylab ijtimoiy yordam dasturidagi ehtimoliy qisqartirishlarga qarshi umumxalq norozilik aksiyalarini tashkil qilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan. Aksiyalar AQSHning turli hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp sobiq prezident Jo Baydenning maxfiy ma’lumotlarni olish vakolatini uning xavfsizlik ruxsatini bekor qilish va kundalik razvedka brifinglarini to‘xtatish orqali olib tashlashini aytgandi.
LiveBarchasi