Bayden Netanyaxuga G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini aytdi
Olam
−
22 avgust
2993AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 21 avgust kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatda G‘azoda garovga olinganlar bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni zudlik bilan tuzish zarurligini ta’kidladi va Qohiradagi bo‘lajak muzokaralar muhim ahamiyatga ega ekanini aytib o‘tdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, telefon suhbatiga AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning 20 avgust kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida Falastin anklavidagi sulh bo‘yicha kelishuvsiz yakunlangan Yaqin Sharqqa safari sabab bo‘lgan.
“Prezident o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvni zudlik bilan yakunlash zarurligini ta’kidladi va qolgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha Qohirada bo‘lajak muzokaralarni muhokama qildi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Bayonotda aytilishicha, Bayden va Netanyaxu AQSHning Isroilni Erondan kelayotgan barcha tahdidlarga qarshi, jumladan, uning HAMAS, “Hizbulloh” va husiylarga qarshi mudofaaviy harbiy joylashtirishlarini o‘z ichiga olgan holda qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, Eron joriy yilning 31 iyul kuni Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya o‘ldirilgani uchun o‘ch olishga va’da berdi va bunda Isroilni aybladi. Isroil qotillik ortida turganini na tasdiqladi, na inkor qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Demokratik partiyaning Chikagodagi qurultoyida Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatish uchun harakat qilishda davom etishini ta’kidlagandi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi